Prezident Islom Karimov taklifiga binoan O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Latviya Respublikasi Prezidenti Andris Berzinsh O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Ulug‘bek Rozuqulov hamrohligida 29-may kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar beradi.
Oliy martabali mehmon qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishuvni Mirzo Ulug‘bek rasadxonasidan boshladi. Andris Berzinsh Mirzo Ulug‘bekning hayoti va ilmiy merosi bilan tanishtirildi.
Latviya Prezidenti Amir Temur va Xo‘ja Doniyor maqbaralarini borib ko‘rdi. Oliy martabali mehmonga ushbu obidalarning tarixi, Movarounnahrda qadimiy shaharsozlik, ilm-fan va hunarmandlik rivoji haqida ma’lumot berildi.
Andris Berzinsh Sharq me’morchiligining noyob obidalari bo‘lgan Registon majmui va Bibixonim masjidini katta qiziqish bilan tomosha qildi. Bu muhtasham obidalar o‘zbek xalqining bunyodkorlik salohiyati, ilm-fan va madaniyat rivojiga e’tiborining yorqin namunasi ekanini ta’kidladi. Latviya rahbari Registon majmuida tashkil etilgan latviyalik rassom Valdis Bushs ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi.
Andris Berzinsh Siyob dehqon bozorida ham bo‘ldi. Mamlakatimiz farovonligi ramzi bo‘lgan sarxil noz-ne’matlarni, sotuvchi va xaridorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Samarqand shahar hokimligi bilan Yurmala shahar dumasi o‘rtasida hamkorlikka oid bitim imzolandi.
Latviya Prezidenti safar yakunida O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berdi.
– O‘zbekiston Respublikasiga tashrifim har tomonlama samarali bo‘ldi, – dedi Andris Berzinsh. – Delegatsiyamiz a’zolari o‘zbekistonlik sheriklari bilan aniq masalalarni muhokama qilib, o‘zaro foydali kelishuvlarga erishdi. Bu kelishuvlar va imzolangan hujjatlar mamlakatlarimiz hamkorligini yanada rivojlantirish, o‘zaro aloqalarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish imkonini beradi. Xususan, Yurmala bilan Samarqand o‘rtasida imzolangan hujjat nafaqat bu ikki shahar, balki mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni turli sohalarda rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shu bilan Latviya Respublikasi Prezidenti Andris Berzinshning O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi yakuniga yetdi.
Izoh (0)