AQSh prezidenti Barak Obama Afg‘onistonga kutilmagan tashrifni amalga oshirdi. U o‘zining afg‘onistonlik hamkasbi Hamid Karzay bilan uchrashish niyatida bo‘lgan. Biroq Karzay Obama bilan uchrashish uchun Qobuldan Bagram aviabazasiga borishdan bosh tortdi. Bu haqda Agence France-Presse xabar berdi.
2014-yil oxirida o‘z asosiy harbiy kuchlarini Afg‘oniston hududidan olib chiqib ketganidan keyin ham mamlakatdagi harbiy ishtirokini saqlab qolish niyatida bo‘lgan AQSh unga shu huquqni beruvchi shartnomani Afg‘oniston bilan tuzish taklifini kiritganida, Karzay uni imzolashdan bosh tortgan, natijada davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarga sovuqchilik tushgan edi.
Karzay uchrashuvga kelmagach, Obama u bilan telefon orqali bog‘lanib, keyingi prezident bilan xavfsizlik to‘g‘risida bitim tuzmoqchiligini bildirdi. AQSh prezidenti 2014-yildan so‘ng Afg‘oniston hududida aynan nechta harbiy xizmatchilar qolishini ma’lum qilish maqsadida Karzay bilan yana bog‘lanishga va’da berdi.
Ayni paytda Afg‘onistonda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. 5-aprel kuni bo‘lib o‘tgan birinchi tur saylovlarda sobiq ichki ishlar vaziri Abdulla Abdulla ovozlarning 45 foizini, sobiq moliya vaziri Ashraf G‘ani Ahmadzay 31,6 foizini to‘pladi. Mamlakatning amaldagi prezidenti Hamid Karzay bor-yo‘g‘i 11,5 foiz ovozga ega bo‘ldi. Ikkinchi tur 6-iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)