O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. O‘yindan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Temur Kapadze bellashuv haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.

O‘yin haqida
Futbolchilarimiz har bir o‘yinda katta iroda va fidoyilik bilan harakat qilishdi. Ular maydonga bor kuch va e’tiborlarini safarbar etib, eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsatishga intilishdi. Natijada, mehnat o‘z samarasini berdi. Bu yutuq biz uchun katta quvonch — barchamizga muborak bo‘lsin.
Orqada juda katta mehnat yotibdi. Kun-u tun tinmay ishladik, harakatda bo‘ldik. Maydonga chiqish, har bir daqiqani sharaf bilan o‘ynash — bu oson emas. Lekin maqsad aniq edi, niyatimiz toza edi. Xudoga shukur, bu yo‘lda oldimizga qo‘ygan marrani zabt eta oldik. Bu yutuq bizda faxr bilan birga chuqur mas’uliyat hissini ham uyg‘otdi.
Jahon chempionati yo‘llanmasi haqida
Jahon chempionatiga yo‘l olish — jamoamiz uchun muhim bosqich. Bu yirik musobaqa, katta sinov va ayni paytda yangi imkoniyatlar sari ochilgan eshikdir. Bu yo‘lda biz nafaqat jismonan, balki ruhiy jihatdan ham to‘liq tayyor bo‘lishimiz lozim. Endi esa oldimizda yana muhim uchrashuvlar turibdi. Jumladan, Qatarga qarshi bahs biz uchun navbatdagi jiddiy sinov bo‘ladi. Bu o‘yinga puxta tayyorgarlik ko‘ramiz va mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanishga harakat qilamiz.
Qiyin pallada terma jamoani qabul qilish haqida
Terma jamoani boshqarib olish — o‘zim uchun ham katta sinov bo‘ldi. Bu qaror nafaqat mas'uliyatli, balki karyeramdagi eng muhim burilish nuqtalaridan biri edi. Albatta, xavotirlar bo‘lgan, biroq Xudoga va o‘zimizga ishonib, oldinga dadil qadam tashladik.
Bu yo‘l oson kechmadi. Ko‘plab qiyinchiliklar va to‘siqlar bo‘ldi. Biroq men hech qachon chekinmadim, hech qachon “yo‘q” demadim. Har doim harakatda bo‘ldim, sabr va mehnat qildim. Bugungi yutuq — ana shu tinimsiz harakat, qat’iyat va ishonchning natijasidir.
Ma’lumot uchun, 5-iyun, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati saralash bosqichining 9-turida O‘zbekiston terma jamoasi Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi bahs olib borib, 0:0 hisobida durang o‘ynadi. Qo‘lga kiritilgan bir ochko Temur Kapadze jamoasiga mundial yo‘llanmasini taqdim etdi.
Izoh (0)