Samarqandda “Adabiyotga e’tibor – kelajakka, ma’naviyatga e’tibor” shiori ostida Kitob bayrami bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi O‘zA.
Samarqand viloyati hokimligi, matbuot va axborot boshqarmasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar, axborot kutubxona va resurs markazlari, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, xalq ta’limi muassasalari tomonidan adabiy, ilmiy-ommabop, ijtimoiy-siyosiy kitoblar, darslik va o‘quv qo‘llanmalar namoyish etildi.
Tadbir doirasida samarqandlik shoir va yozuvchilarning yigirmadan ziyod yangi asarlari taqdimoti, kitob mualliflari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari va yosh ijodkorlar ishtirokida davra suhbatlari, ijodiy uchrashuvlar o‘tkazildi. “Kitobdan yaxshi do‘st bo‘lmas”, “Odamiylik kitobga bo‘lgan ehtiromdan boshlanadi” kabi mavzularda intellektual o‘yinlar, “Namunali kitob do‘koni”, “Kitobxon oila” tanlovlari tashkil etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyada ijodkorlar, ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari yoshlarni turli yot g‘oya va oqimlar ta’siridan asrash, ularni yuksak ma’naviyatli insonlar etib kamolga yetkazishda kitobning o‘rni va ahamiyati haqida so‘z yuritib, bu borada e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlarga to‘xtaldi.
Izoh (0)