Angliya Kubogining final bahsi doirasidagi “Arsenal” hamda “Xall” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda “kanonirlar” qo‘shimcha vaqtda g‘alabaga erishishga muvaffaq bo‘ldi, deb xabar bermoqda Uff.uz.
“Xall” a’zolari uchrashuvni yuqori tempda boshladi. Birinchi bo‘limning 4-daqiqasida Chester o‘z jamoasini hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, oradan to‘rt daqiqa o‘tgach, Kertis Devis hisobni 0:2 ko‘rinishiga olib keldi. “Arsenal” o‘z an’anasiga sodiq qolgan holda, vaziyatni o‘nglashga tushdi. 17-daqiqaga kelib Kasorla oradagi farqni qisqartirgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limning 71-daqiqasida Kosyelni muvozanatni tikladi. Uchrashuv asosiy vaqti 2:2 hisobi bilan yakunlandi.
O‘yin qo‘shimcha vaqtining 18-daqiqasida Remzi raqib darvozasini ishg‘ol qildi – 3:2. Uchrashuv so‘ngiga qadar “Xall” hisobni tenglashtirishga juda qulay vaziyatga ega edi, biroq zahiradan maydonga tushgan Aluko o‘z imkoniyatini qo‘ldan boy berdi.
Shu tariqa, “Arsenal” Angliya Kubogi sohibiga aylandi. Mazkur unvon londonliklarning 2005-yildan beri dastlabki unvonidir.
Izoh (0)