Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

2014-yil 15-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligining mashinasozlik korxonalarini boshqarishni yanada takomillashtirish va moliyaviy sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi. Qarorning to‘liq matni O‘zA tomonidan e’lon qilindi.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

Qarorda qishloq xo‘jaligining mashinasozlik korxonalari faoliyatini boshqarishni yanada takomillashtirish, ularning samaradorligi va rentabelligini oshirish, sohada ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, agrosanoat kompleksi uchun zamonaviy, unumdorligi yuqori, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh texnika va uskunalar ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan yagona texnika siyosatini amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekistonda “O‘zagrosanoatmashxolding” kompaniyasi tashkil etiladi. Kompaniyaning asosiy vazifalari: ichki va tashqi bozorlarda marketing tadqiqotlari o‘tkazish, ehtiyojga muvofiq qishloq xo‘jaligi uchun turli rusumdagi texnika va mexanizatsiya vositalarini ishlab chiqarish va yetkazib berishni muvofiqlashtirish, mahsulotlar turini kengaytirish va eksport qilish hajmini oshirishdan tashkil topadi.

“O‘zagrosanoatmashxolding” kompaniyasining tashkiliy tuzilmasi va uning boshqaruv xodimlari cheklangan soni 35 kishidan iborat bo‘ladi.

Boshqaruv raisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda xolding kompaniyasi aksiyadorlari umumiy yig‘ilishining qaroriga binoan tayinlanishi belgilandi.

“O‘zagrosanoatmashxolding” kompaniyasining boshlang‘ich nizom jamg‘armasi kompaniyaga mustaqil baholash tashkiloti tomonidan belgilangan qiymatda beriladigan davlat aksiya paketlari va ulushlari hisobidan shakllantiriladi.

Xolding kompaniyasiga tushgan mablag‘larni sohaga oid investitsiya loyihalarini amalga oshirishga yo‘naltirish sharti bilan kompaniya aksiyalari paketining kamida 51 foizini davlat tasarrufida saqlab qolgan holda, aksiyalar qo‘shimcha emissiyasini amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, “Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyati qonunchilikda belgilangan tartibda tugatilib, uning o‘rniga traktorlar, tirkama va paxta terish mashinalari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” tashkil etiladi.

“Agregat zavodi”da ishlab chiqariladigan mahsulot turlari “Chirchiqqishloqmash” ochiq aksiyadorlik jamiyatining ishlab chiqarish maydonlariga bosqichma-bosqich ko‘chiriladi. Ular negizida osma va tirkamali qishloq xo‘jaligi texnikasining zamonaviy turlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish bo‘yicha “Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” tashkil etiladi hamda “Chirchiqqishloqmash” ochiq aksiyadorlik jamiyati qonunchilikda belgilangan tartibda tugatiladi.

Qarorga muvofiq, “O‘zagrosanoatmashxolding” kompaniyasi 2019-yilning 1-yanvarigacha “Toshkent traktor zavodi” va “Chirchiqqishloqmash” ochiq aksiyadorlik jamiyatlarini tugatish jarayoni nihoyasiga yetgach, kompaniyaga beriladigan yer uchastkalari va mulk bo‘yicha yer solig‘i hamda mulk solig‘idan ozod etiladi.

 

Izoh
Asosiy yangiliklar
Iqtisodiyot
Korrupsiya darajasi, iqtisodiy erkinlik indeksi: O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni qanday o‘zgarmoqda?
Dunyo
AQSH Yelsinning Ukraina haqidagi bayonotini maxfiylikdan chiqardi
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda frilanserlik: ular qancha maosh oladi va nega ko‘paymoqda?