Mirjalol Qosimov endi bor e’tiborini terma jamoaga qaratishini ma’lum qildi
“Bunyodkor” bosh murabbiyligidan ketgan Mirjalol Qosimov endi bor e’tiborini milliy terma jamoaga qaratishini ma’lum qildi. Bu haqda murabbiy “Championat.asia”ga bergan intervyusida aytgan.
Nashrning yozishicha, bu haqdagi gap-so‘zlar ancha oldin tarqagan va faqat bugunga kelib o‘z tasdig‘ini topgan.
“Bunyodkor” jamoasidagi faoliyatimni to‘xtatdim va endi bor e’tiborimni milliy terma jamoaga qarataman. Fursatdan foydalanib, men bilan birga shuncha yil davomida ishlagan futbolchilar, klub rahbariyati va jamoaning barcha ishchi-xodimlariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Bugungi mashg‘ulot oldidan katta ahil jamoa bilan xayrlashdim va ularga mavsumning qolgan o‘yinlarida omad yor bo‘lishini tiladim. Mashg‘ulot oldidan so‘nggi ko‘rsatmalarimni berdim.“Bunyodkor”ga kim bosh murabbiy etib tayinlanishi haqidagi savolga Qosimov shunday javob bergan:
Hozircha aniq bir ma’lumotga ega emasman. Bu masalani klub rahbariyati hal qiladi. Ungacha Aleksandr Volkov vaqtinchalik bosh murabbiy vazifasini bajarib turadi. Qolaversa, yordamchilarim — Hikmat Ergashev va Murod Otajonov ham unga yaqindan yordam beradi.Shuningdek, murabbiy kelgusidagi rejalari haqida ham gapirib o‘tgan:
Ertaga “Olmaliq”—“Andijon” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni tomosha qilish uchun Olmaliqqa boraman. Yakshanba kuni Namanganda “Navbahor”—“Nasaf” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni bevosita stadionda kuzataman. Endi turning turli o‘yinlarini kuzatib, terma jamoaga munosib nomzodlarni ko‘rib boraman.Eslatib o‘tamiz, 4-aprel kuni Mirjalol Qosimov “Bunyodkor” klubidagi faoliyatini to‘xtatgani e’lon qilindi.
Izoh
Kirish
Asosiy yangiliklar