Dubaydagi Al Maktum xalqaro aeroportida dunyodagi eng katta aeroport terminalini qurish ishlari boshlandi. Bu haqda The National xabar berdi.
Aeroport terminali sig‘imi yiliga 260 million yo‘lovchini tashkil etadi va bu orqali u dunyoda yetakchiga aylanadi. Loyihaning qiymati 128 milliard dirham (34,8 milliard AQSH dollari)ga baholanmoqda. Yangi terminal bugungi kunda xalqaro yo‘lovchi tashish hajmi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadigan hozirgi Dubay xalqaro aeroportidan besh barobar kattaroq bo‘ladi.
10 yildan so‘ng yangi terminal Dubay xalqaro aeroportidagi barcha reyslarni qabul qiladi. 70 kvadrat kilometr maydonga ega yangi aeroport 400 ta darvoza, beshta parallel uchish-qo‘nish yo‘lagi va yangi aviatsiya texnologiyalariga ega bo‘ladi. Uning quvvati yiliga 12 million tonna yuk tashish imkonini beradi.
Loyihaning birinchi bosqichi 10 yil ichida tayyor bo‘lishi va yiliga 150 million yo‘lovchini qabul qila olishi kutilmoqda. Yangi terminal shahar bilan metro liniyasi, avtobus yo‘nalishlari, shuningdek, shahar havo transporti orqali bog‘lanadi.
Dubay janubidagi aeroport atrofida bir million aholiga ega shahar quriladi. Unda logistika va havo transporti sohasidagi jahonning yetakchi kompaniyalari joylashadi.
2023-yili 86,9 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan Dubay xalqaro aeroporti ketma-ket 10 yildirki dunyodagi eng gavjum xalqaro aviamarkaz maqomini saqlab kelmoqda. 2023-yilda u 416 405 ta reysga xizmat ko‘rsatdi, bu o‘z tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Izoh (0)