Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasiga qurilayotgan ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar uchun pul to‘lagan aholidan MCHJ mansabdor shaxslarini javobgarlikka tortishni so‘rab murojaat kelib tushdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, poytaxt IIBBga bir nechta fuqarolar ariza bilan murojaat qilib, yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar uchun to‘lovni amalga oshirgani, biroq MCHJ tomonidan shu kunga qadar xonadonlar topshirilmagani sababli ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
O‘tkazilgan tekshiruv jarayonida aniqlanishicha, 1977-yilda tug‘ilgan Obid Sharipov Max-House Group MCHJni tashkil qilib, o‘zining sheriklari — 42 yoshli Axtam Osimov va 35 yoshli Azizbek Samandarov bilan sodir etgan.
Jumladan, Obid Sharipov MCHJ nomidan Uchtepa va Chilonzor tumanlarida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarni sotishini maʼlum qilib, fuqarolardan xonadonlar uchun to‘lovlarni qabul qilib olgan. Vaholanki, ushbu ko‘p qavatli uylar qurilishi uchun hech bir mutassaddi tashkilotlardan ruxsat olmasdan va uy qurishga kerakli biron-bir hujjatlarga ega bo‘lmasdan, kadastr hujjatlari yo‘q bo‘lgan xonadonlarni fuqarolarga sotishligini bildirib, aldov yo‘li bilan juda ko‘p miqdordagi pullarni o‘zlashtirib olgan.
Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov jarayonida Sharipovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Gumonlanuvchilar Samandarov va Osimov tergovdan qochib yashiringani sababli, ular qidiruvga berilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Fuqarolardan ushbu shaxslardan jabr ko‘rgan bo‘lsa yoki qidiruvdagi shaxslarning qayerda ekani haqida biror maʼlumotga ega bo‘lsa, poytaxt IIBBning 71−206−42−28, 71−206−49−46 yoki 102 raqamlariga murojaat qilishlari so‘raladi.
- 2023-yil avgust oyi boshida bosh vazir Abdulla Aripov Toshkentda uy sotib olmoqchi bo‘lgan mingdan ortiq fuqarolarni chuv tushirgan Aziya Invest Favorit MCHJ qurilish firmasi masalasi bo‘yicha jabrlanganlar bilan uchrashuv o‘tkazgandi.
- O‘sha yilning sentyabr o‘rtalarida esa Toshkentda uy olaman deb chuv tushgan mingdan ortiq fuqarolarga uy qurish boshlangan edi.
Izoh (0)