Braziliyaning Portu-Alegri shahridagi mehmonxona binosida 26-aprel kuni yong‘in kelib chiqishi oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Al Jazeera nashri Lotin Amerikasi manbalariga asoslanib, xabar berdi.
Manbada aytilishicha, yong‘in oqibatida kamida 11 kishi jarohatlangan. Halok bo‘lganlar soni ham oshishi taxmin qilingan.
Portu-Alegridagi sud-tibbiyot ekspertlari yong‘in sabablarini aniqlash va qurbonlarning shaxsini aniqlash ustida ish olib borayotgani xabar qilingan. Portu-Alegri shahridagi yongan mehmonxona uysizlar uchun vaqtinchalik boshpana sifatida foydalanilayotgan bo‘lgan.
Rio Grande-do-Sul shtati yong‘in xavfsizligi boshqarmasi maʼlumotlariga ko‘ra, juma kuni favqulodda vaziyatlar xodimlari tegishli ruxsatsiz ishlayotgan Garoa Floresta mehmonxonasida 10 nafar qurbon borligini tasdiqlagan. Yong‘in 26-aprel kuni mahalliy vaqt bilan 02:00 atrofida sodir bo‘lgan. O‘t o‘chiruvchilar uni nazorat ostiga olish uchun taxminan uch soat vaqt sarflagan.
Porto-Alegri meri Sebastyao Melo X sahifasida ko‘plab jarohatlanganlar qutqarib, kasalxonaga yetkazilgani haqida yozgan. Ularning umumiy soni haqida maʼlumot berilmagan. Mahalliy matbuot yaradorlar soni 11 kishini tashkil etishi, baʼzilarining ahvoli og‘ir ekanini xabar qilmoqda.
“Yong‘in bo‘limi yong‘inni o‘chirish uchun beshta mashina va o‘nlab o‘t o‘chiruvchilarni jo‘natdi. Biz ushbu fojia oqibatlarini bartaraf etish va sabablarini tekshirish ustida ishlashni davom ettiramiz. Halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildiramiz”, — deyilgan rasmiylar tarqatgan xabarda.
Izoh (0)