Yevropada urushning oxirgi kunlari, butun dunyo e’tibori Berlinga qaratilgan, Reyxkanselyariya bunkerida Adolf Gitler bilan birga nemis natsizmi yo‘qlikka aylanayotgan bir paytda fyurerning asosiy ittifoqchisi — Italiya fashistlari yetakchisi Benito Mussolini soyada qolib ketgandek edi go‘yo.
1945-yil aprelning ikkinchi yarmidan boshlab Gitler kundan kunga yashash umididan mahrum bo‘lib borgan bo‘lsa, duche so‘nggi daqiqalarga qadar omon qolish uchun kurashdi. Mussolini va Gitler munosabatlari murakkab edi. Italiya fashistlari yetakchisi o‘z yurtida hokimiyatga 1922-yilda, Gitler Germaniyani qo‘lga olishidan o‘n yillar oldin kelgandi.
Ammo 1940-yillar boshida Mussolini ikki davlat ittifoqida Gitlerning “kichik sherigi”ga aylanib, o‘z siyosatini Germaniya tomon o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. Mussolini ahmoq emasdi. Urush qancha uzoq davom etsa, Italiya Gitler bilan ittifoqchilikni o‘rnatib, katta xatoga yo‘l qo‘yganini anglab turardi. Bu borada ispaniyalik kaudilyo Franko ancha ehtiyotkor edi — u AQSH va Buyuk Britaniya bilan kelishgani bois Ikkinchi jahon urushidan omon chiqdi va undan keyin yana 30 yil hokimiyat tepasida qoldi. Biroq Gitlerning quchog‘iga chirmashib ketgan Mussolinida bunday imkoniyat yo‘q edi.
Gitlerning qo‘g‘irchog‘i
1943-yilda, ittifoqchi kuchlar Sitsiliyaga joylashtirilgach, duchening kechagi hamtovoqlari Mussolinidan qutulish haqida o‘ylay boshlaydi — bu orqali ular Italiyani urushdan olib chiqmoqchi bo‘ladi. Natijada mamlakat rahbari lavozimdan olinadi va 25-iyul kuni hibsga tashlanadi.
Shu yilning 12-sentyabrda Gitlerning buyrug‘iga binoan Otto Skorseni boshchiligidagi nemis desantchilari Mussolinini qamoqdan o‘g‘irlab, Germaniyaga olib kelishga muvaffaq bo‘ladi. Ammo fyurer qarshisida turgan duche oldingidek salobatga ega emasdi. Mussolini sog‘lig‘idan shikoyat qilib, siyosatdan ketmoqchi ekanini aytadi. Gitler tom ma’noda uni Italiya shimolida joylashgan, antigitler kaolitsiyasi bilan urush olib borayotgan Italiya sotsial respublikasini boshqarishga majburlaydi.
1943-yilga kelib Mussolini mustaqil siyosatchi emasdi. “Italiya sotsial respublikasi” 100 foiz nemislar tomonidan nazorat qilinar va duche ularning qo‘lidagi qo‘g‘irchoqqa aylangan edi. Uning shaxsiy irodasi yetgan yagona narsa — bu yaqin atrofidagi sotqinlar bilan hisob-kitob qilish. Ular orasida duchening kuyovi Galeatsso Chiano ham bo‘lib, keyinroq u o‘limga hukm qilinadi va otib tashlanadi.
Mussolini o‘zining naqadar og‘ir vaziyatga tushib qolganini yaxshi anglardi. 1945-yilda u jurnalist Madelin Mollirga bergan intervyusida shunday deydi: “Ha, xonim, men tugatdim. Mening yulduzim quladi. Men ishlayapman va harakat qilyapman, biroq bilamanki barchasi — faqatgina maynavozchilik… Tragediyaning oxirini kutmoqdaman — o‘zimni aktyor sifatida his qilmayapman. Men oxirgi tomoshabinlardan biridekman”.
Shveysariyaga qochish
1945-yil aprel oyining o‘rtalarida nemislar duchega “g‘amxo‘rlik” qiladigan ahvolda emasdi va u bundan foydalanib, o‘z erkini qo‘liga olishga harakat qiladi. Unga boshqa hech narsa kerak emasdi — Mussolini ta’qibdan qochib, hayotini saqlab qolsa bas edi.
Buning uchun u Italiya Qarshilik kuchlari vakillari bilan muzokara o‘tkazadi, ammo o‘zi uchun hech qanaqa kafolatga erisha olmaydi. Mussolinida savdolashish uchun hech qanday kuch qolmagandi. Milandagi omadsiz yakunlangan muzokaralardan keyin Mussolini o‘ziga yaqin bo‘lgan insonlar bilan Komo shahriga yo‘l oladi va u yerdagi mahalliy prefektura binosiga joylashadi. Komoda u rafiqasi Rakele Mussolini bilan so‘nggi bor ko‘rishadi.
Duche Italiyaga yo‘l olishga qaror qiladi. 26-aprel tongida rafiqasi bilan xayrlashib, o‘ziga sodiq bo‘lgan kichik bo‘linma bilan Mussolini Komo ko‘li orqali Menajo qishlog‘iga boradi, u orqali Shveysariya tomon chiqib ketish mumkin edi. Duche bilan ketishga hamma ham rozi bo‘lmaydi. Gap shundaki, mazkur hududda italyan partizanlari faol harakat olib borar, ular bilan to‘qnashuv esa muqarrar o‘lim degani edi. Mussolini guruhiga uning oxirgi ma’shuqasi Klara Petachchi ham qo‘shiladi.
Mussoliniga yordam bermagan nemis formasi
27-aprelga o‘tar kechasi duche Shveysariyaga yashirinishni maqsad qilgan 200 nafar askardan iborat nemis bo‘linmasi bilan uchrashadi. Mussolini o‘z odamlari bilan nemislarga qo‘shilib oladi. Orzu qilingan maqsadga ozgina qolgandek edi. Ammo shu kuni nemislar yo‘lini graf Bellini dela Stella qo‘mondonlik qilgan 52-garibaldi partizanlar brigadasi to‘sadi. Yuzaga kelgan otishmadan keyin nemis bo‘linmasi komandiri muzokaraga kirishishga majbur bo‘ladi.
Partizanlar o‘z talablarini o‘rtaga qo‘yadi — nemislar yo‘lini davom ettirishlari mumkin, Italiya fashistlari esa topshirilishi kerak. Duche uchun o‘lib ketish nemislar rejasiga kirmasdi, biroq ular baribir oliyjanoblik ko‘rsatib unga nemislar formasini kiygizgan holda askar sifatida olib o‘tmoqchi bo‘lishadi.
Partizanlar tomonidan o‘tkazilgan dastlabki ikkita tekshiruv natijasida mashinada hech narsa aniqlanmaydi, ammo ular uchinchi tekshiruvni ham amalga oshiradi. Aftidan, kimdir kolonna ichida Mussolini ham borligi to‘g‘risida ma’lumot bergan. Natijada partizanlardan biri uni tanib qoladi. Duche qo‘lga olinadi.
Partizanlar Klara Petachchining yuzini tanimagani bois uni ushlash niyatida ham bo‘lmagan. Ammo 61 yoshli Mussolinini haddan ortiq sevgan 33 yoshli ayol o‘z xohishi bilan uning taqdiriga sherik bo‘ladi.
“Polkovnik Valerio”ning missiyasi
Mussolini ma’shuqasi bilan birga Dongo qishlog‘iga olib boriladi va ular dehqon Jakomo de Marining xonadonida umrining oxirgi tunini o‘tkazadilar. Shu soatlarda Mussolinining taqdiri hal bo‘layotgan edi. Omon qolgan tarafdorlari uni ozod qilish bo‘yicha operatsiya tayyorlaydi, Britaniya—Amerika qo‘shinlari qo‘mondonligi esa italyan fashistlari yetakchisining topshirilishini talab qiladi… Italyan partizanlari orasida “polkovnik Valerio” nomi bilan tanilgan Valter Audizio barchani ortda qoldiradi. U Italiya milliy ozodlik qo‘mitasidan favqulodda vakolatlar berish mandatini oladi.
28-aprel kuni “polkovnik” o‘z bo‘linmasi bilan Dongoga yetib kelib, Mussolini va Petachchini olib ketadi. Valter Audizio Mussoliniga uni qutqarish uchun kelganini aytadi. Umiddan chaqnab ketgan duchening ko‘zlari partizanlar kuch bilan uni mashinaga o‘tirg‘izganida so‘nadi.
Safar uzoq davom etmaydi. Mashina Juliano di Medzegra qishlog‘i yonida to‘xtaydi. Yo‘l bo‘yida bu qadar baland bo‘lmagan tosh devor bo‘lib, ortidagi bog‘ va katta uy ko‘rinib turardi. Avtomobil darvoza qarshisida to‘xtaydi.
Fashistlar yetakchisi uchinchi urinishda otib tashlanadi
“Polkovnik Valerio” ikkita partizanni begonalar keladigan bo‘lsa, xabar berishlari uchun kuzatuvga yuboradi. Mussoliniga mashinadan tushib, devor qarshisiga borish buyuriladi. Petachchi yana o‘z xohishi bilan uning ortidan ergashadi.
“Polkovnik Valerio” Italiyadagi asosiy partizan guruhlarini birlashtirib turuvchi Ozodlik ko‘ngillilar korpusi nomidan o‘lim hukmini o‘qib eshittiradi. Mussolini taqdirga tan berib turardi, Petachchi esa dahshatdan jazavaga tushadi. U tanasi bilan ducheni to‘sgan holda partizanlarga baqiradi “Haddingiz sig‘maydi!”.
“Polkovnik Valerio” avtomatni Mussoliniga yo‘naltiradi va tepkini bosadi, biroq qurol otilmaydi. Uning yonida bo‘lgan yordamchisi pistolet orqali hukmni ijro etmoqchi bo‘ladi, ammo u ham ishlamay qoladi. Shunda yo‘lni qo‘riqlayotgan partizanlardan biri Mikele Moretti ismli partizan yordamga keladi. Bo‘linma komandiri qo‘l ostidagi askarning qurolini olib, o‘t ochadi. Oradan uzoq yillar o‘tgach, Moretti ducheni shaxsan o‘zi otib tashlaganini ham aytgan.
Nima bo‘lganda ham birinchi o‘q Klara Petachchiga tegadi. “Polkovnik Valerio” uning o‘limini fojiaviy tasodif deb atagan. Bir necha soniyadan keyin devor ostida ikki jasad yotardi. Qatl 1945-yil 28-aprel, soat 16:10 da amalga oshirilgan edi.
Mussolini va Petachchining jasadlari Milanga olib ketiladi. Bir vaqtning o‘zida yana besh nafar fashistning jasadi ham u yerga olib borilgandi. Ertasi kuni salkam bir yil oldin 15 nafar italiyalik partizan qatl etilgan “Pyassa Loreto” maydoni yaqinidagi avtozapravkada duche hamda uning sevgilisi jasadlari boshi pastga qaratilgan holda osib qo‘yiladi. Maydonga to‘plangan olomon ularga tosh va turli chiqindi uloqtiradi.
1-may kuni Mussolini va Petachchi Muzokko qabristonidagi qashshoqlar uchun mo‘ljallangan nomsiz qabrga dafn etiladi. Hatto shundan keyin ham Mussolining jasadi orom topmaydi. 1946-yilda ular qayta kovlab olinadi va fashistlar tomonidan o‘g‘irlab ketiladi. Oradan bir necha oydan keyin topilgach esa uni qanday ko‘mish borasida qattiq bahs-munozara yuzaga keladi va Mussolini jasadi yana 10 yil ko‘milmay qolib ketadi. Oxir-oqibat Benito Mussolining qoldiqlari Predappio shahridagi oilaviy qabrga dafn etiladi.
Izoh (0)