Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Serik Jumangarin 24-aprel kuni Kobulga tashrif buyurib, “Tolibon” vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda “Tolibon” harakatining sanoat va savdo vazirligi o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida maʼlum qilgan.
Manbada aytilishicha, Qozog‘iston delegatsiyasi Kobulga “ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirish, Afg‘oniston—Qozog‘iston ko‘rgazmasi tashkil etish va ishbilarmonlik aloqalari bo‘yicha konferensiya o‘tkazish” uchun kelgan. Mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishga urg‘u berilgan.
Oldinroq Turkmaniston delegatsiyasi ham “Tolibon” bilan savdo va tranzitni rivojlantirish masalalarini muhokama qilish uchun Kobulga kelgani xabar qilingan edi. Tomonlar o‘rtasidagi uchrashuvlar oliy darajada tashkil etilgan.
Yaqin kunlarda Kobulda “Tolibon”, Turkmaniston va Qozog‘iston o‘rtasidagi mintaqaviy aloqa va savdo va tranzitini rivojlantirish bo‘yicha uch tomonlama uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Turkmaniston va Qozog‘iston hukumatlari hali rasman “Tolibon” rejimini tan olmagan bo‘lsa-da, u bilan yaqin iqtisodiy va madaniy aloqalar o‘rnatishga xayrixohligini izhor qilgan.
Izoh (0)