O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi hamda “Lans” klubi himoyachisi Abduqodir Husanov Osiyo Kubogi final uchrashuvida qatnashmaydi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda Fransiya klubi kelishuviga ko‘ra himoyachi finalgacha bo‘lgan bahslarda qatnashishi kerak bo‘lgan.
“Daryo” manbasining xabar berishicha, himoyachi hafta so‘nggida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan final bahsida terma jamoaga yordam bera olmaydi va Fransiyaga jo‘nab ketadi. Assotsiatsiya Abduqodir Husanov harakat qilayotgan klub bilan final bahsi borasida kelishuvga erisha olmagan.
“Lans” klubi 3-may kuni Fransiya chempionati doirasidagi uchrashuvda “Loryan”ga qarshi bahs olib boradi va katta ehtimol bilan Abduqodir Husanov ushbu bahsda ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi yarim final bahsida Indoneziyani 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va o‘z tarixida ilk bor Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Hal qiluvchi bahslarda himoyachi Abduqodir Husanov ishonchli tarzda harakat qildi.
Fransiya klubi “Lans” hozirda Liga 1 da 46 ochko to‘plab, oltinchi o‘rinda bormoqda. Abduqodir harakat qilayotgan klub yevrokuboklarda ishtirok etish imkoniyatini beruvchi o‘rinlar uchun kurashmoqda. Beshinchi o‘rinni egallab turgan “Nitssa” klubida 51 ochko mavjud.
Izoh (0)