O‘zbekistonda 68 nafar bolaning o‘limi va 16 nafar bolaning nogiron bo‘lib qolishiga sababchi bo‘lgan “Dok-1 Maks” siropi ishi bo‘yicha apellatsiya shikoyatini ko‘rib chiqayotgan sudlov hay’ati tarkibiga o‘zgartirish kiritildi. Bu haqda sudning bugun, 29-aprel kuni davom etgan navbatdagi majlisida ma’lum qilindi, deya xabar berdi “Daryo” jurnalisti.
Sudlov hay’ati raisi Muzaffar Ahmedovga ko‘ra, o‘zgartirish sudya Dilmurod Valiyevning boshqa ishga o‘tishi bilan bog‘liq.
Biroq “Daryo” manbasi sud tarkibidagi o‘zgartirish advokat Davron Ahmadovning sud tarkibini rad etishi bilan bog‘liq holat ekanini aytmoqda.
Advokat Davron Ahmadov 2024-yilning 22-aprel kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida sudlov hay’ati va sud kotibiga raddiya bildirgandi. Qolaversa, himoyachi sudlov hay’ati yordamchisi Davlat Olimovga intizomiy jazo berilishini so‘radi va bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisiga ma’lumot kiritilishini talab qildi. Sud mazkur iltimosnomalarni rad qilgandi. Shunga qaramasdan sud tarkibi o‘zgartirildi.
“Daryo” jurnalistining aniqlik kiritishicha, 2024-yilning 29-aprel kuni soat 11:40 (sud davom etayotgan va ajrim e’lon qilinganidan so‘ngi vaqt) holatiga ko‘ra, Dilmurod Valiyevning lavozimi o‘zgarmagan. U hamon Toshkent shahar sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi sifatida ishlamoqda.
Izoh (0)