14-sentyabr kuni Toshkent shahrida Inbazar savdo markazlaridan birining mas’uli qo‘l ostida faoliyat yurituvchi xodimini kaltaklab, videoga oldirgani tarqalgandi. Bu keng muhokamalarga sabab bo‘lgani ortidan kuch ishlatgan mas’ul xodimga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgani xabar qilingan edi.
Mazkur voqeadan savdo markazi rahbari Omadbek Xolmatov chiqish qilib, jamoatchilikda uzr so‘rab, zo‘ravonlikka qarshi ekanini va bunday harakat jazosiz qolmasligiga ishonishini aytib chiqdi. Shuningdek, kaltaklangan xodimdan kechirim so‘ralgan holda, unga Spark sovg‘a qilingani e’lon qilindi.
15-sentyabr kuni Inbazar savdo markazi rahbari Omadbek Xolmatov tomonidan xodimlarni haqorat qilish, kaltaklash holatlari aks etgan bir nechta video tarqaldi. Bu jamoatchilik tomonidan keskin e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Kaltaklangan xodimini yonini olgan va unga Spark sovg‘a qilgan Omadbek Xolmatov ishini avval yoqlab chiqqan ko‘pchilik faollar va mashhurlar unga doir videolar tarqalgandan keyin fikridan qaytishgani, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini aytib chiqishdi.
Mehnat munosabatlari bo‘yicha huquqshunos Saydali Muxtoraliyev xodimlarni “samosud” qilish, rahbar va xodim munosabatlari qonunchilikda belgilangan normalar yuzasidan “Daryo”ga tushuntirish berdi.
“Samosud” qilishga kech kimning haqqi yo‘q
Qonun ustuvor bo‘lgan mamlakatda hech bir shaxsni boshqa bir shaxs “samosud” qilishga haqqi yo‘q. Qonun ustuvor bo‘lgan yoki qonun ustuvor mamlakat ekanligini e’tirof etgan davlatda bunaqa narsa yuz bermaydi. Bu g‘irt o‘zboshimchalik hisoblanadi. Hech bir shaxsga, hech bir fuqaroga boshqa bir fuqaroni o‘z holicha, sudsiz yoki boshqa bir vakolatli organning qarorisiz jazoga tortishga yoki jazolashga huquq berilmagan. Yani “samosud” qilishga kech kimning haqqi yo‘q.
Ish beruvchi bilan xodim o‘rtasidagi munosabatlarda xodimlar o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni, majburiyatlarni ma’lum bir vaqtda yetarli darajada bajarmasligi mumkin, ya’ni intizomni buzishi mumkin. Buning uchun qonunda belgilangan jazo turlari, ta’sir choralari bor. Agar xodimlar ishxonada, korxonada, idorada o‘ziga yuklangan vazifalarni, majburiyatlarni lozim darajada bajarmaydigan bo‘lsa, intizomni buzadigan bo‘lsa, Mehnat kodeksining 312-moddasiga asosan 3 xil intizomli jazo turlari bor. Shulardan bittasiga asosan javobgarlikka tortiladi. Bundan boshqa jazo turlarini ish beruvchi bo‘ladimi, o‘zini asoschiman deb hisoblagan qanaqadir g‘o‘ddaygan shaxs bo‘ladimi, qo‘llashga haqqi yo‘q.
“Samosud” sifatida do‘pposlash, urish, haqorat qilish mutlaqo quyushqondan chiqish hisoblanadi. Bunday holatlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishi tayin.
312-modda. Intizomiy jazo choralari
Mehnat intizomini buzganligi uchun ish beruvchi xodimga quyidagi intizomiy jazo choralarini qo‘llashga haqli:
1) hayfsan;
2) o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima. Ichki mehnat tartibi qoidalarida xodimga o‘rtacha oylik ish haqining ellik foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima solinishi hollari nazarda tutilishi mumkin. Xodimning ish haqidan jarima ushlab qolish ish beruvchi tomonidan ushbu kodeksning 269 va 270-moddalari talablariga rioya etgan holda amalga oshiriladi;
3) mehnat shartnomasini bekor qilish (ushbu kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 4 va 5-bandlari).
Ushbu kodeksda boshqa qonunlarda, intizom to‘g‘risidagi ustavlar yoki nizomlarda nazarda tutilmagan intizomiy jazo choralarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Videoga olib tarmoqlarda haqorat qilish
Agar shaxs boshqa bir shaxsni ijtimoiy tarmoqlarda yoki OAVda haqorat qiladigan bo‘lsa, bunday holat Jinoyat kodeksining 140-moddasi 2-qism bilan tasniflanadi. Shu jihati bilan ma’muriy javobgarlikka tortiladigan haqorat va bu haqorat o‘rtasida birozgina farq bor. Bunga ham o‘sha tegishli sud yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘zini adolatli bahosini beradi.
140-modda. Haqorat qilish
Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan tarzda, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet jahon axborot tarmog‘iga joylashtirish orqali haqorat qilish — BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Qonunbuzarlar, xodimlarga quldek munosabatda bo‘ladigan shaxslar javobsiz, jazosiz qolib ketmaydi. Qolganlarga ham bunday harakatlar uchun jazo va javobgarlik choralari borligini ko‘rsatish uchun jazo muqarrar ekanligi ta’minlanishi lozim.
Qayerga murojaat qilish kerak?
Xodimlar zo‘ravonlikka duch kelsa, mehnat huquqlari buzilsa, qolaversa, mehnat huquqlari buziladigan, muttasil kamsitiladigan, ularni odam o‘rnida ko‘rilmaydigan joyda ishlasa:
- ichki ishlar organlariga;
- kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlaridagi mehnat inspektorlariga;
- joylardagi prokuratura organlariga ham buzilgan huquqlarini tiklash masalasida murojaat qilishlari mumkin.
Izoh (0)