Navoiy viloyatida yonilg‘i mahsulotlari sotuvidan tushgan 689,5 mln so‘mni o‘zlashtirgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Prokuratura departamenti axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan “N.B.” MCHJning murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlangan. MCHJga qarashli AYQSH bosh operatori S.A. va boshqalar rasmiy hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritish orqali yonilg‘i mahsulotlari sotuvidan tushgan 689,5 million so‘mni kirim qilmasdan, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonning qator hududlarida kredit pullarini o‘zlashtirganlar ushlangani, Qashqadaryoda kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan bank boshqaruvchisi sobiq o‘rinbosari aniqlangani, Farg‘onada 19 nafar fuqaro nomiga avtokredit rasmiylashtirib, ajratilgan mablag‘ni o‘zlashtirgan shaxslar aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)