Sibirda 2 500 yillik muzlagan ayol mumiyosi topildi. Olimlar uning tanasiga chizilgan yuqori aniqlikdagi tatuirovkalarni bizning zamonamiz uchun ham murakkab deb topdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Tadqiqotchilar pazirik ko‘chmanchilariga mansub bo‘lgan, yoshi taxminan 50 atrofidagi ayol jasadini o‘rganib chiqqan. U Yevropa va Xitoy oralig‘idagi dashtlarda yashagan ko‘chmanchi otliqlar jamiyatiga tegishli bo‘lgan. Ayol tanasida leopardlar, bug‘u, xo‘roz, sher va burgutdan iborat afsonaviy mavjudot tatuirovkalari aks ettirilgan. Pazirik muz mumiyolari XIX asrda Sibirdagi Oltoy tog‘laridan ham topilgan, ammo shu paytgacha tatuirovkali jasadlarga duch kelinmagandi.
Nemis olimi Gino Kaspari boshchiligidagi guruh tatuirovkalarni Yevropaning eng yirik san’at muzeylaridan biri — Sankt Peterburgdagi Ermitajda infraqizil raqamli suratga olish texnologiyasi yordamida skaner qilgan. Natijada ko‘z bilan ko‘rinmaydigan nozik va aniqlik bilan chizilgan naqshlar yaqqol ko‘ringan.

Tatuirovkalarni tahlil qilishda tadqiqotchi Daniel Riday ham ishtirok etgan. Unga ko‘ra, ayolning ikki qo‘lidagi tatuirovkalar turli odamlar tomonidan chizilgan bo‘lishi mumkin. Chunki, jasadning o‘ng qo‘lidagi naqshlar ancha puxta, chap qo‘lida esa biroz xatoliklar bor. Bu esa qadimda ham tatuirovka san’ati yaxshi rivojlanganidan dalolat beradi.

Tadqiqotda tatuirovkalar teriga avval andoza orqali tushirilgani, keyin esa hayvon shoxi yoki suyagidan yasalgan igna yordamida chizilgani ayon bo‘lgan. Pigment rang berishda esa kuydirilgan o‘simlik yoki kuldan foydalanilgan bo‘lishi mumkin. Qolaversa, ayol jasadi dafn etilishidan oldin ayrim tatuirovkalar kesilgan yoki zarar ko‘rgan. Ushbu tadqiqotning natijalari Antiquity ilmiy jurnalida chop etilgan.
Izoh (0)