O‘zbekistonda Investitsiya kodeksi ishlab chiqiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning 20-avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ma’lum qilindi.

“To‘g‘ri, bizda investitsiyaviy munosabatlarni tartibga solish, sarmoyadorlar huquqlarini himoya qilish va ularga sharoitlar yaratish bo‘yicha yuzlab hujjatlar bor. Bularni hammasini to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladigan yagona qonunga birlashtirib, Investitsiya kodeksini qabul qilish vaqti keldi”, dedi prezident.
Davlat rahbarining qayd etishicha, bu hujjat investitsiya sohasidagi barcha qoida, kafolat va tartib-taomillarni bir tizimga solib, investitsiyalarni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Prezidenti qayerda qonun ustuvor bo‘lsa, o‘sha yerda biznes rivojlanishi, investitsiya muhiti jozibador bo‘lishini ta’kidladi.
Mamlakatda ishbilarmonlar sinfi shakllanib ulgurganini, ular shunchaki tadbirkor emas, iqtisodiyot tarmoqlari, hududlarni rivojiga katta hissa qo‘shayotgan faol investorlarga aylanayotganini aytdi. Shuningdek, an’anaviy sarmoyalar bilan birga venchur, bond, kraudfanding, startap kabi zamonaviy investitsiya vositalari ham jadal rivojlanayotganini ta‘kidladi. Tadbirkorlar jamoatchilik kengashi biznes muhitni yaxshilash bo‘yicha qarorlar tayyorlashda faollik ko‘rsatib kelayotganini qayd etdi.
“Parlamentimiz yangi kodeksni ishlab chiqishda jamoatchilik kengashi bilan yaqin hamkorlik qilsa, o‘ylaymanki, bu ham katta samara beradi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ayni paytda O‘zbekistonda 19 ta kodeks bor. Aholi sog‘lig‘ini saqlash kodeksi qabul qilinishi ham rejalashtirilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu kodeks loyihasi 2023-yil boshida jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etilgandi.
Izoh (0)