Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingandi. Tegishli qaror bilan u keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Konsepsiya 7 ta bob, 41 ta banddan iborat. Unda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi va unga xizmat qiluvchi 10 ta vazifa belgilangan. Taklif va mulohazalarni qabul qilish muddati — 2025-yil 31-yanvardan 10-fevralgacha.
O‘zbekistonda diniy sohadagi davlat siyosatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, fuqarolarning erkinligi va qonun oldida tengligini ta’minlash hamda konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish;
- ko‘p millatli va ko‘pkonfessiyali O‘zbekiston xalqining birligi va birdamligini, urf-odatlariga nisbatan hurmat ruhini mustahkamlash, ularning rivojlanishi uchun teng shart-sharoitlar yaratish;
- fuqarolarning ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishi uchun teng huquqiy shart-sharoitlar yaratish;
- fuqarolarning dinga munosabatidan qat’i nazar, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymagan holda, ularning vijdon erkinligiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
- davlat o‘zining ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishda konstitutsiyaviy normalarga muvofiq dunyoviylikka tayanish;
- Konstitutsiyaviy normalarga muvofiq davlat boshqaruvi, davlat xizmati, Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining faoliyati hamda ijtimoiy munosabatlar dunyoviylik asosida tartibga solinishini ta’minlash;
- jamiyatda diniy bag‘rikenglik va qonuniylikni qaror toptirish borasida fuqarolarning faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- davlat xizmatchilarining o‘z kasbiy faoliyatida va funksional vazifalarni bajarishda biror-bir dinga yoki e’tiqodga ustunlik berishiga yoxud biror-bir dinni yoki e’tiqodni kamsitishiga yo‘l qo‘ymaslik;
- jahon ilm-fani, madaniyati, san’ati va adabiyotining ilg‘or yutuqlaridan bahramand bo‘lgan holda mamlakat ilm-fani va madaniyatini rivojlantirish;
- fuqarolarning huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga, aholining sog‘lig‘iga, ijtimoiy axloqqa, jamoat xavfsizligiga va jamoat tartibiga tahdid soluvchi radikallashuvga qarshi kurashish, ekstremizm va terrorizm g‘oyalari tarqatilishiga yo‘l qo‘ymaslik.
O‘zbekiston Konstitutsiyasida O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi belgilangan. Konsepsiyada qayd etilishicha, dunyoviy davlatda diniy qadriyatlar ham muhim o‘rin tutadi. Diniy qadriyatlar O‘zbekiston xalqining madaniyati, turmush tarzi, urf-odatlari, odob-axloqining shakllanishi hamda ularning avloddan avlodga meros bo‘lib o‘tishiga xizmat qilib kelmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 4 ta oliy islom ta’lim muassasasi, 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, jumladan, 2 ta ayollar madrasasi, shuningdek, pravoslav va protestant seminariyalari faoliyat ko‘rsatmoqda. 2018-yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi. Ilmiy-amaliy yondashuv asosida islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan mutafakkirlar merosini o‘rganish, diniy taassublar bilan bog‘liq xavflarning mafkuraviy asoslarini tadqiq etish maqsadida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Motrudiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat ko‘rsata boshladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmatining bildirishicha, ayni paytda tashabbus qilingan hujjat bilan fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlash va O‘zbekiston dunyoviy davlat ekanligiga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarishga hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplari, ustuvor yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilash taklif etilmoqda.
Konsepsiyada belgilangan asosiy vazifalarning bajarilishi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalarining qarori bilan parlament komissiyasi tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.
Konsepsiyaning qabul qilinishi va sohada yagona davlat siyosatining amalga oshirilishi fuqarolarning teng huquqliligini kafolatlaydi, dunyoviylikni turlicha talqin qilinishini hamda buzilishining oldini olishga, mamlakat aholisining, ayniqsa yoshlarning salohiyatini yuksaltirishga, ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqining totuvligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Izoh (1)
Men shaxsan bu konsepsiyani rad etaman.