Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e’lon qilingan Vazirlar Mahkamasining “Jazoni ijro etish muassasalarida davlat-xususiy sheriklik asosida mahkumlar uchun masofali video-uchrashuv xizmatini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi amaldagi qonunchilik talablariga zid deb topdi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmatining “Daryo”ga bergan izohida qayd etilgan.
Hukumat taklifi
Mahkumlar uchun masofali video-uchrashuv pulli xizmatini yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda. Ya’ni “INM International” MCHJni xususiy sherik sifatida Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi barcha jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga masofali video-uchrashuv orqali onlayn uchrashuv imkoniyati yaratilishini ta’minlash maqsadida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzgan holda jalb qilish taklif etilmoqda.
Qayd etilishicha, 2023-yil 1-dekabrdan 2024-yil 1-fevralga qadar eksperiment tariqasida Birinchi mintaqaviy hudud 7-son jazoni ijro etish koloniyasida “INM International” MCHJ tomonidan “Prisonline” himoyalangan video aloqani ta’minlovchi zamonaviy axborot texnologiyalari o‘rnatish orqali jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga masofali video-uchrashuv orqali yaqin qarindoshlari bilan onlayn uchrashuv imkoniyati yaratilgan.
“INM International” MCHJ 10 million so‘mlik ustav kapitaliga ega va asosiy faoliyat turi sifatida ustki kiyim bosh ishlab chiqarish ko‘rsatilgan.
Loyihaga ko‘ra, jazoni o‘tayotgan mahkumlarning masofali video-uchrashuvlari jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati nazorati ostida o‘tkazilishi hamda ularning haqi mahkumning shaxsiy hisobvarag‘idan to‘lanishi belgilangan. Tanlovsiz tanlangan xususiy sherik tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovlarning, kalkulyatsiyasi miqdori va ularning taqsimlanishi ochiqlanmagan.
Qonunchilikka zid
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan mazkur holatni o‘rganish jarayonida aniqlanishicha, IIV tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining “Jazoni ijro etish muassasalarida davlat-xususiy sheriklik asosida mahkumlar uchun masofali video-uchrashuv xizmatini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori loyihasi idoralararo kelishuvi davomida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga kelishish uchun taqdim qilinmagan.
Loyihaning 2-bandida “INM International” MCHJni xususiy sherik sifatida Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi barcha jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga masofali video-uchrashuv orqali onlayn uchrashuv imkoniyati yaratilishini ta’minlash maqsadida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzgan holda jalb qilish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida to‘g‘risida”gi qarori 7-bandi ko‘ra, davlat xaridlarida raqobatli savdo turlarini cheklovchi to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar, investitsiyaviy, davlat-xususiy sheriklik, xususiylashtirish va boshqa bitimlarni tuzishni nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha tashabbus bilan chiqish qat’iyan taqiqlangan.
Ta’kidlash lozimki, normativ-huquqiy hujjatlarning normalari o‘zaro muvofiq bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, normativ-huquqiy hujjatlar normalarining bir-biriga zid bo‘lishi, huquqni qo‘llashda turli xil tushunmovchiliklarning yuzaga kelishiga olib keladi, natijada esa korrupsiyaviy xavf-xatarlarning paydo bo‘lishiga zamin yaratiladi.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunining 12-moddasiga muvofiq, huquq va imtiyozlar beruvchi hamda ma’muriy tartib-taomillarni belgilaydigan tanlov (auksion) tartib-taomillaridan bo‘yin tovlash imkoniyatini beruvchi normalarning mavjudligi ma’muriy tartib-taomillar bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, hukumatning davlat-xususiy sherikchilik loyihasi “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonun talablari asosida tanlov o‘tkazilishi maqsadga muvofiqligi ma’lum qilinadi.
Muhokama yakunlangan
Mazkur qaror loyihasi yuzasidan muhokama 22-may sanasida yakunlangan. Muhokama vaqtida 5 nafar fuqarodan taklif kelib tushgan. Ularning barchasi bu loyihaga qarshi fikr bildirib, qo‘shimcha ravishda takliflarini ham yozib qoldirgan.
Izoh (0)