Butun dunyo bo‘ylab 22 yil davomida odamlarni bog‘lab kelgan Skype kecha — 5-may kuni ishdan to‘xtadi. Uning bosh kompaniyasi Microsoft fevral oyida bu haqda ogohlantirib, ilova o‘rniga Microsoft Teams qo‘llanilishini ma’lum qilgan edi. Bu haqda NDTV World xabar berdi.

Bu yopilish bepul va pullik Skype foydalanuvchilariga birdek amal qiladi. Skype for Business egalari esa avtomatik ravishda Microsoft Teams’ga qo‘shiladi.
Skype akkauntingiz bilan nima sodir bo‘ladi?
- Foydalanuvchilar mavjud Skype ma’lumotlari bilan Teams’dan ro‘yxatdan o‘tadi. Shunda ularning chatlari va kontaktlari avtomatik ravishda tiklanadi.
- Agar foydalanuvchi Teams xizmatidan foydalanishni istamasa, u Skype’dagi ma’lumotlarini yuklab olishi va boshqa video qo‘ng‘iroq xizmatini tanlashi mumkin bo‘ladi.
- Foydalanuvchilar 2026-yil yanvarigacha Skype ma’lumotlarini eksport qilishlari yoki o‘chirib tashlashlari mumkin.
- Agar foydalanuvchi hech qanday chora ko‘rmasa, ma’lumotlar 2026-yil yanvar oyida o‘chirib tashlanadi.
Skype ma’lumotlari qanday eksport qilinadi?
- Microsoft hisobingiz yordamida Skype eksport sahifasiga kiring;
- Suhbatlar, fayllar yoki ikkalasini ham yuklab olish variantini tanlang;
- So‘rov yuborishni tanlang, keyin esa davom etish bandini bosing;
- Eksport jarayoni yakunlangach, yuklab olish tugmasini bosing.
Skype yopilishiga sabab nima?
Microsoft Skype’ni Windows, Smartphones va Xbox konsollari kabi platformalarga integratsiya qilishga qaror qildi. Bir paytlar Skype 1 milliard foydalanuvchini qamrab olishni maqsad qilgandi. Biroq interfeysning tez-tez o‘zgarishi va turli yangilanishlar ilovani ishlatishga noqulay qilib qo‘ygan.
COVID-19 pandemiyasi hamda Zoom, Webex, Discord va Slack kabi raqobatchilarning paydo bo‘lishi platforma taqdirini hal qilib qo‘ydi. 2025-yilda Skype oyiga taxminan 23 million foydalanuvchini yo‘qotgan.
Izoh (0)