Isroilning Serbiyadagi elchixonasi yaqinida 29-iyun kuni qurolli shaxs tomonidan hujum sodir etilgan. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.
Manbada aytilishicha, muqaddam nasroniylikning serb pravoslav oqimida bo‘lgan, yaqinda islomni qabul qilgan Salohuddin Zuyovich ismli fuqaro Isroil elchixonasi yaqiniga kelib, binoni qo‘riqlayotgan politsiya xodimiga arbaletdan o‘q uzgan. Oqibatda politsiya ofitseri bo‘ynidan jiddiy jarohat olgan.
Hujum sodir bo‘lgan paytda zudlik bilan hududga qo‘shimcha politsiyachilar yetib kelgan hamda Salohuddin Zuyovuchni otib o‘ldirgan. Ushbu voqealarda Isroil elchixonasi xodimlaridan hech kim jarohat olmagan.
Arbalet o‘qidan jarohatlangan politsiyachi zudlik bilan kasalxonaga olib ketilgan va operatsiyaga kiritilgan. Hozirda uning ahvoli barqaror ekani xabar berilgan.
Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich holat yuzasidan munosabat bildirgan. U elchixonaga hujumni terakt deya baholagan hamda qurolli tajovuzga aloqadorlarning barchasi aniqlanishini aytgan.
“Biz hujumchining sheriklarini qidirmoqdamiz. Biz barcha diplomatik vakolatxonalarni himoya qilamiz, shuningdek, xavfsizlik va himoyani kafolatlaymiz”, — degan Serbiya prezidenti.
Rasmiylarga ko‘ra, hujumga aloqadorlikda gumon qilinib, bir necha kishi hibsga olingan. Tergovchilar hibsga olinganlarning musulmon vahobiy yo‘nalishi tarafdorlari bilan ehtimoliy aloqalarni tekshirmoqda.
Izoh (0)