Iroq shimolidagi Mosul shahrida mahalliy masjid devorlari orasidan beshta yirik bomba topildi. Bu haqda Al Jazeera nashri xabar berdi.
Manbada keltirilishicha, Al-Nuri masjidida taʼmirlash paytida bombalar aniqlangan. Iroq rasmiylari YUNESKOdan masjid hududidagi barcha rekonstruksiya ishlarini to‘xtatishni va bombalar zararsizlantirilgunga qadar butun majmuani evakuatsiya qilishni so‘ragan.
Mosulning tarixiy yodgorligi hisoblangan Al-Nuri masjididan topilgan beshta bomba ISHID tomonidan o‘rnatilgani taxmin qilingan. Chunki Mosul va Erbil shaharlarini o‘z ichiga olgan Iroq shimoliy hududlari ancha yillar oldin ISHID tomonidan nazorat qilinar edi.
Al-Nuri masjidi 12-asrga tegishli obida hisoblanadi. Inshoot 2017-yilda ISHID kuchlari tomonidan vayron qilingan va ibodatlar uchun taqiqlab qo‘yilgan. Iroq shimolidagi ISHID yengilgach esa masjid nazorati Bag‘dodga qaytdi. 2020-yilda BMTning YUNESKO agentligi masjidni madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritib, taʼmirlash ishlarini boshlagan.
Rasmiylarga ko‘ra, bombalar masjid namozxonasining janubiy devorida topilgan. Bombalar sezgir elektron jihozga biriktirilgan bo‘lib, nihoyatda vayronkor bo‘lgan.
“Ushbu portlovchi qurilmalar devorning maxsus qayta qurilgan qismida yashiringan”, — deyiladi UNESCOning shanba kuni eʼlon qilgan hisobotida.
Hozirda bombalardan biri to‘liq zararsizlantirilgan va hududdan olib ketilgan. Biri-biriga ulangan to‘rtta bomba esa zararsizlantirilayotgani, bu borada maxsus guruh ishlayotgani bildirilgan.
Maʼllumot o‘rnida, ISHID yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy bundan o‘n yil avval, 2014-yil 29-iyun kuni masjiddan turib “xalifalik davlati” tuzilganligini eʼlon qilgan edi. 2017-yilda esa terrorchilar harakati oqibatida masjidning bir qismi portlati yuborilgan.
ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)