Xalqaro jinoiy sud (XJS) Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mamlakat mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order berish qarorini qabul qilishni keyinga qoldirdi, deb The Jerusalem Post xabar berdi.
Kechiktirish Buyuk Britaniyaning “sudning do‘sti” sifatida 10-iyun kuni XJSning Isroilga nisbatan yurisdiksiyasiga izoh berish uchun ariza topshirgani bilan bog‘liq.
XJS Buyuk Britaniyaning iltimosini qanoatlantirgan va boshqa mamlakatlarga oldindan kuzatuvlarni taqdim etish huquqini bergan. Shuningdek, sud buni ochiq chaqiruv sifatida tushunmaslik kerakligini ta’kidlagan. Buyuk Britaniya so‘rovi, shuningdek, boshqa shunga o‘xshash so‘rovlar 12-iyulgacha topshirilishi kerak. Nashr ta’kidlaganidek, hibsga olishga order berishning to‘liq jarayoni bir necha oyga cho‘zilishi mumkin.
Buyuk Britaniya tomonidan taqdim etilgan arizalar sudning dastlabki tergov palatasi a’zolari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, sudning ta’kidlashicha, kuzatuvlarning o‘zi va ular bo‘yicha bahs-munozaralar ommaga e’lon qilinishi mumkin.
HAMAS yetakchilarini hibsga olish orderlarining ham kechiktirilishi noma’lum.
- 20-may kuni Xalqaro jinoiy sud prokurori Karim Xon Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu, Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant va HAMASning uch yetakchisi — Yahyo Sinvar, Muhammad Deyf va Ismoil Haniyani hibsga olish uchun order berishni so‘raganini ma’lum qilgan edi. Sud Netanyaxu va Galantning G‘azo sektorida sodir etilgan urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun jinoiy javobgar ekanligini aytgan.
- Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Xalqaro jinoyat sudi prokurorining so‘rovi Isroilni “to‘xtatib qo‘ymasligini” aytgan. AQSH prezidenti Jo Bayden, o‘z navbatida, Netanyaxu va Galantni hibsga olish uchun order berish talabini qoralagan. Isroil ham, AQSH ham XJS yurisdiksiyasini tan olmasligini ma’lum qilgan.
Izoh (0)