4-may kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:00 dan Diversity Visa Program 2025 (Green Card) natijalari e’lon qilina boshladi.
Natijani ushbu havola orqali tekshirish mumkin. Rasmiy saytda anketa va shaxsiy ma’lumotlarni to‘ldirish vaqtida olgan tasdiqlovchi raqamni kiritish kerak.
Green Card o‘zi nima va nega hamma uni qo‘lga kiritishni xohlaydi?
AQSH grin-kartasi — AQSH fuqarosi bo‘lmagan, ammo u yerda doimiy yashaydigan odamning istiqomat uchun guvohnomasi borligini tasdiqlaydigan va unga ishga joylashish huquqini beradigan identifikatsiya kartasi.
Grin-karta hech qanday to‘siqlarsiz mamlakatni tark etish va qaytib kelish, ishlash, ko‘chmas mulkka egalik qilish, mahalliy banklarda manfaatliroq kreditlarni olish, oliy ta’lim muassasalarida chegirmalar bilan o‘qish va AQSH fuqarolari uchun mo‘ljallangan stipendiyalarga da’vogarlik qilish, ba’zi turdagi qurolli kuchlarda xizmat qilish hamda Amerika fuqarolari uchun boshqa imtiyoz va nafaqalardan foydalanish imkonini beradi.
Grin-karta odatda 10 yilga beriladi, unga ega bo‘lgandan so‘ng 5 yil o‘tgach, AQSH fuqaroligini olish uchun ariza berish mumkin.
U qanday majburiyatlarni yuklaydi?
Siz AQSH qonunlariga rioya qilishingiz, daromadlar haqida deklaratsiya e’lon qilishingiz va soliqlarni to‘lashingiz, yashash joyi o‘zgargani haqida migratsiya xizmatini xabardor qilishingiz kerak bo‘ladi. 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan erkaklar esa zaruriyat yuzaga kelganda armiyada xizmat qilish ehtimoli uchun Selective Service’da ro‘yxatdan o‘tishi shart.
Mamlakatdan chiqish mumkinmi?
Grin-karta egasi taqvim yili mobaynida kamida 6 oy AQSHda bo‘lishi maqsadga muvofiq. Agar siz olti oydan ko‘proq, ammo bir yildan kamroq vaqt mamlakatdan tashqarida bo‘lgan bo‘lsangiz, kirishda uzoq vaqt AQSHda bo‘lmagani sababi haqida so‘rashadi. U holda bunday sabablarga dalillarni taqdim etish kerak bo‘ladi.
Agar AQSHdan bir yildan ko‘proq vaqtga ketish zarur bo‘lsa, shundan keyin mamlakatga kirish uchun ruxsatnoma olishga ariza beriladi (Reentry Permit).
Muhim narsa: mamlakatdan tashqarida bo‘lish muddatlari fuqarolik olish imkoniyatiga ta’sir o‘tkazadi. Grin-kartani qo‘lga kiritgandan keyin besh yil o‘tishi bilan Amerika fuqarosiga aylanish uchun AQSH hududida hammasi bo‘lib kamida 2,5 yil yashagan bo‘lish kerak.
Izoh (1)
natijalarni qaysi havola orqali kòrsa bòladi menda chiqmepti