Madridning “Real” klubi yarim himoyachisi Toni Kroos Chempionlar Ligasi yarim finalidan o‘rin olgan “Bavariya”ga qarshi javob uchrashuvida (2:1) hakamlik mojarosi haqida gapirdi.
“Hakamlar epizodda yomon ishladi. O‘yinni davom ettirishga ruxsat berish kerak edi. Men bunda qanot hakamning xatosi katta deb bilaman. U bayroqni ko‘targanida, hakam, ehtimol, uch metrlik ofsayd bor deb o‘ylab, unga ishondi. “Bavariya”ning g‘azabini ma’lum darajada oqlayman, chunki vaziyatni oxirigacha o‘ynashga qo‘yib berish kerak edi.
O‘sha paytda hamma futbolchi epizodga qo‘shilgan yoki yo‘qligini bilmayman, chunki hushtak juda erta chalindi. Darvozani himoya qilganlarning barchasi hushtakdan keyin keskinlikni pasaytirgan edi”, — deya Kroos so‘zlarini keltirgan Bayern & Germany sahifasi X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida.
Eslatib o‘tamiz, o‘yin so‘nggida Joshua Kimmixning uzoqdan yo‘llagan uzatmasidan so‘ng “Bavariya” himoyachisi Matteys de Ligt Madrid klubi darvozasiga zarba yo‘lladi. Biroq bosh hakam Shimon Markinyak epizod yakunlanishini kutmay, hushtagini chaldi va ofsayd qayd etdi. Shu tariqa nemislarning goli hisobga olinmadi.
Ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra, Ispaniyaning “Real” klubi Yevropa Chempionlar Ligasi finaliga yo‘l oldi. Ularga yana bir Germaniya klubi raqiblik qiladi. “Dortmund” — “Real Madrid” uchrashuvi 1-iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)