Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Toshkent—Andijon pulli yo‘lini yaratish ishlari yakuniga yetib qolganini maʼlum qildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Iyun oyi oxirigacha biz texnik-iqtisodiy ishlarni tugatamiz. Yangi pulli yo‘l Toshkent va boshqa hududlarni Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lashga yordam beradi. Loyihaning umumiy uzunligi 314 kilometr bo‘lib, uning qiymati 4,65 milliard dollarni tashkil qiladi, — deydi Jasurbek Choriyev.
Bundan tashqari, vazir o‘rinbosari uzoq yillardan beri asosiy maqsadlardan biriga aylangan transafg‘on temiryo‘li haqida ham maʼlumot bergan. Ta’kidlanishicha, loyiha uchta davlatni bir-biriga bog‘lashga yordam beradi — O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston. Temiryo‘l Yevrosiyo transport yo‘lagini yaratishda muhim rol o‘ynaydi. Natijada Markaziy Osiyo mamlakatlari Hind okeani portiga chiqish imkoniga ega bo‘ladi. Temiryo‘l tovarlar yetkazib berish muddatini 35 kundan 5 kungacha qisqartiradi. Tovarlarni yetkazib berish narxi esa kamida 40 foizga pasayadi. Loyiha 2027-yil oxirigacha yakunlanishi kutilmoqda.
Yana bir muhim loyiha bu, albatta, Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li qurilishidir. Bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo rivojlanishida katta rol o‘ynovchi temiryo‘l bo‘ladi. Loyihaning asosiy kelishuvlari allaqachon hal qilingan bo‘lib, uning qiymati taxminan 5,1 milliard dollarni tashkil qilsa, uzunligi hozirgacha 454 kilometr bo‘lishi kutilmoqda.
O‘zbekistondagi ilk pulli yo‘llarning qurilishi haqida 2018-yilda xabar berilgandi. O‘shanda bu kabi yo‘llarning birinchisini qurish bilan Germaniyaning GP Günter Papenburg kompaniyasi shug‘ullanishi mumkinligi aytilgandi. 2019-yilda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi O‘zbekistondagi ilk pulli trassani qurish uchun joy tanlanayotganini ma’lum qilgandi. 2023-yilda Turkiyaning Cengiz Holding kompaniyasi O‘zbekistonda pulli avtomobil yo‘llarini qurish loyihalarida ishtirok etishga qiziqish bildirdi.
Izoh (0)