“Daryo” qisqa hikoyalar tanlovini e’lon qilgani haqida avval xabar berilgandi.
O‘tgan vaqt davomida juda ko‘plab obunachilarimiz tomonidan turli janrdagi bir-biridan qiziq va mazmunli hikoyalar yuborildi. Barcha ijodkorlarni yanada faol bo‘lishga chorlab qolamiz. Tanlov g‘oliblari 30-maydan so‘ng aniqlanadi.
Quyida tahririyatimizga kelgan ba’zi hikoyalarni e’lon qilamiz.
Asliyat
“Vatan uchun jon fido” jurnali bosh muharriri Green card uchun to‘ldirgan hujjatlarini avaylab shkafning eng tepasiga qo‘ydi...
Ustoz va shogird
Rossiyadagi qurilishlarda ishlayotgan yigit yuk tashish jarayonida ustozining doim takrorlaydigan gaplarini yana esladi. “Yaxshi o‘qimasang, yaxshi ish topolmaysan!” Uning fikrini yuqori qavatdan jahl bilan qichqirgan, o‘ziga juda tanish bo‘lgan ovoz bo‘ldi: “Eh Soliyev, Soliyev! Hech o‘zgarmading-da. Darsda ham doim shunday o‘tirararding. Tezroq g‘ishtlarni olib chiq buyoqqa…”
Nurzodbek Vohidov
So‘nggi qo‘ng‘iroq
Anchadan buyon bemor yotgan opa singlisiga qo‘ng‘iroq qildi.
“E, yana opammi, yarim soat gapirib vaqtimni oladi”, o‘yladi singil qo‘lidagi telefonning ovozini o‘chirib, qo‘ng‘iroq tugashini sabrsizlik bilan kutarkan.
Bu so‘nggi qo‘ng‘iroq ekanligini opa ham, singil ham bilmasdi.
Odat
“Hozir qaytib qo‘ng‘iroq qilvoraman”, — dedi u. Bu gapni kun davomida juda ko‘pchilikka aytgani uchun birozdan keyin kim bilan gaplashganini ham eslay olmadi va odatiga ko‘ra hech kimga qayta qo‘ng‘iroq qilmay qo‘yaqoldi.
Dilshodbek Asqarov
Isyon
— Sen meni xunuk qilib yaratding ! Men esa o‘zimni 42 yil pok tutdim ! Nega bugun shaytonning qo‘shni ayol siymosiga kirishiga va meni buzuqlikda ayblashiga yo‘l qo‘yding?! So‘nggi sovchilar qaytib ketdi! ...
... Stul yiqildi. Bir juft nafis oyoqlar havoda muallaq osilib qoldi!..
Yangi hayot
Aviakassaga do‘stlari tomonidan oppoq ko‘ylagiga yam-yashil rang sepilgan va shu tarzda diplom olganini nishonlagan yoshgina yigit kirib keldi-da, bo‘g‘ziga tiqilib turgan alamli ohang bilan sotuvchi qizga qarata shunday dedi :
— Bilet kerak. Rossiyaga !
So‘nggi chora
Onamning operatsiyasiga pul kerak! Katta pul! “Alifbe”yimni sotaman!
Abdulla Omon
Vijdon
Undan hamma yuz o‘girdi. Taklif qilingan millionlab pul evaziga birgina yolg‘on guvohlik bersa bo‘ldi edi. Qilolmadi. Ishidan ayrildi, turmush o‘rtog‘i tashlab ketdi, do‘stlari yuz o‘girdi. Ko‘chaga chiqib, toza havodan chuqur nafas oldi. Unda birgina narsa — vijdon qolgan edi.
Shahlo Hamidova
Boychechak
Ayol o‘g‘liga bir tarsaki tortdi.
— Kech bo‘lganda qayerdan kelyapsan?!
Bolakay o‘ng qo‘lini ko‘ylagining ichiga tiqib olgandi. Yuzida ikkilanish zohir bo‘ldi.
— Qirdan, — dedi u.
— Men uydan chiqma, degandim-ku! Nimadir o‘g‘irladingmi? Ko‘rsat-chi.
Yana bir tarsaki tushgach, bolakay qo‘ynidan bir dona boychechak chiqardi.
— Izlab-izlab bittagina topdim, — boychechakni uzatdi u. — Tug‘ilgan kuningiz bilan, oyijon.
Nasiba
Deraza ortidan lip etib sharpa o‘tdi.
— Ashraf ota-ku! Nima qilamiz? — dedi Oyjamol.
Er-xotin jigar qovurib, endi yemoqchi bo‘lib turishgandi. Akram aftini burishtirib:
— Oshga pashsha tushdi, yashir, — dedi.
— Ko‘zimiz uchib turgandi... Qorong‘idayam tinchimaydi bu chol.
Oyjamol qovurdoqni yashirdi. Eshik ochildi, ro‘molga tovoq tugib olgan chol ko‘rindi.
— Kampir osh qiluvdi, — dedi chol, — sizlargayam ilindik...
Shohniyoz Meliboyev
Hayot
— Maktabni bitirganimdan keyin o‘zim istagan hayotda yashayman.
— O‘qishga kirganimdan keyin o‘zim istagan hayotda yashayman.
— O‘qishni bitirsam, o‘zim istagan hayotda yashayman.
— Ishga kirsam, o‘zim istagan hayotda yashayman.
— Pensiyaga chiqqanimda o‘zim istagan hayotda yashayman.
— Farzandlarimning hammasini uyli-joyli qilib, keyin o‘zim istagan hayotda yashayman.
Qanday hayotni istagandim o‘zi?... Esimdan chiqdi...
Dilfuza Tohirova
* * *
Eslatib o‘tamiz, qisqa hikoyalar tanlovi 30-mayga qadar davom etadi. O‘z hikoyalaringizni @daryo_hikoyalar_bot orqali yuborishingiz mumkin. Tanlovlar shartlari bilan mana bu yerda tanishishingiz mumkin.
G‘oliblarga “Daryo” internet nashrining hamkori — Asaxiy internet do‘koni tomonidan taqdim qilingan sovg‘alar topshiriladi.
1-o‘ringa — 30 ta kitob
2-o‘ringa — 20 ta kitob
3-o‘ringa — 10 ta kitob
Asaxiy internet do‘konida sotuvda bo‘lgan kitoblar bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.
Izoh (1)
G'oliblar qayerda e'lon qilindimi o'zi