Toshkent viloyatida ekologiya inspektorlari brakonyerlar hujumiga uchragani to‘g‘risida xabar berilgandi. Bosh prokuratura hujum qilgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 29-aprel kuni Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xodimlari tomonidan Sirdaryo daryosi oqimi bo‘ylab ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Tekshirish davomida daryoning Oqqo‘rg‘on tumani, “Eltamg‘ali” MFY, Ko‘rik qishlog‘idan oqib o‘tuvchi qismida ikki nafar fuqaro tomonidan motorli qayiq va to‘r yordamida ov qilish qoidalariga zid ravishda baliq ovlanayotgani aniqlangan.
Brakonyerlardan ov qilishni to‘xtatish so‘ralganida, ular ekologiya inspektorlariga qayiq eshkaklari bilan hujum qilib, ularni urib, suvga yiqitishgan va voqea joyidan qochgan.
Oqqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan 2-may kuni yuqoridagi ikki nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismiga ko‘ra, xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilini qanday shaklda bo‘lmasin, o‘zining xizmat vazifasini bajarish yoki fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga, shuningdek, qonunga xilof harakatlar sodir etishga majbur qilish 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Avvalroq Toshkent viloyatida ekologiya inspektorlari brakonyerlar hujumiga uchragani xabar qilingandi. Huquqbuzarlar inspektorlarga hujum qilib, ularni suvga itarib yuborgan. Shuningdek, brakonyerlar inspektorlarning rezina qayig‘ini yorgan. Inspektorlar daryo qirg‘og‘iga suzib chiqqan.
Izoh (0)