2025-yil 25-aprelda Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi Toshkent shahriga “Barqaror” prognozi hamda BB- darajasidagi uzoq muddatli kredit reytingini berdi.

Toshkent shahri hokimligi, bu agentlik bilan hamkorlik qayta tiklanganidan so‘ng poytaxtning ilk mustaqil xalqaro reytingi bo‘lganini e’tirof etdi.
“Berilgan reyting Toshkent shahrining moliyaviy holati mustahkamligi va asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning barqarorligini aks ettiradi. Fitch Ratings o‘z tahlilida shaharning qarz yuki boshqariladigan darajada qolayotganini, daromad bazasining o‘sishi esa ijobiy rivojlanish ko‘rsatayotganini ta’kidlaydi. Bu esa moliyaviy mas’uliyat va boshqaruv samaradorligining yuqori darajasidan dalolat beradi”, deyiladi hokimlik xabarida.
Aslida vaziyat maqtagulik emas
Hokimlik o‘z bayonotida reytingda aks etgan ijobiy tomonlarini ifodalab, boshqa e’tiborga molik salbiy holatlar haqida so‘z yuritmagan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston poytaxti 2019-yildan 2023-yil so‘ngiga qadar ham BB- darajada e’tirof etilgandi. Ammo o‘sha yilning 9-dekabr sanasida Fitch Ratings hokimlik bilan aloqalar to‘xtatilganini e’lon qilib, “barqaror” reytingini bekor qildi.
Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 2023-yil 29-dekabrdagi qarori bilan Fitch Ratings yana shaharning reytingini tuzishda davom etadigan bo‘ldi.

2025-yilgi xulosaga ko‘ra, shahar yana BB- reytingi bilan baholangan. Bu barqarorlik uning rivojlanayotganini emas, balki bir joyda qolib, muammolar hal qilinmayotganini ham bildirishi mumkin. Ushbu reytingda shaharning quyida e’tirof etilgan moliyaviy jihatlari “zaif” deya baholangan.
O‘zbekiston poytaxti 2024–2028-yillar oralig‘ida o‘zining qarz to‘lovlarini joriy mablag‘lari hisobidan qoplash qobiliyati yuqori xavf ostida qolishi mumkin. Bunga kutilganidan kamroq daromad va xarajatlarning kutilganidan yuqori bo‘lishi sabab bo‘lishi mumkin. Shunda kelib chiqib, Fitch Ratings Toshkentni moliyaviy jihatdan “zaif” deya baholagan.
Reyting agentligi poytaxtning Revenue Robustness — shaharning daromad manbalarining barqarorligi va mustahkamligini “zaif” deya baholagan. 2023-yilda shahar daromadining 50 foizini soliqlar tashkil qilgan, undan keyingi yirik manba esa hukumat tomonidan ajratilgan qo‘shimcha mablag‘lar bo‘lib, ular 33 foizni tashkil qilgan. Poytaxt daromadi hukumat qarorlariga bevosita bog‘lanib qolgani bois daromad manbalarining barqarorligi mustahkam emas.
-uJm3Dh8L.avif)
Shahar daromadini oshirish imkoniyati ham past baholangan. “Biz Toshkent shahrining iqtisodiy inqiroz vaqtida qo‘shimcha daromad topish imkoniyatini cheklangan deb baholaymiz. Shahar moliyaviy mustaqilligiga markaziy hukumat tomonidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan — barcha soliq stavkalari va soliq tushumlarining taqsimlanishini markaziy hukumat belgilaydi”, deyiladi sayt xabarida. Ma’lum qilinishicha, daromad manbalari maksimal darajasiga yetgan. Shuning uchun iqtisodiy inqiroz yuzaga kelganda, daromadlarni oshirish imkonsiz.
Toshkentda mablag‘larning sarflanish davomiyligi ham yaxshi emas. Bunga inflyatsiyaning yuqoriligi (2019-2023-yillar davomida yillik 12%) va xarajatlar taqsimoti doim o‘zgarib turishi sabab qilib ko‘rsatilgan.
Poytaxt xarajatlarini kamaytirish imkoniyati ham past. Shahar xarajatining 20 % ga yaqini oyliklarga sarflanadi. 2023-2024-yillar orasida 80 foiz holatdagi xarajatlarning majburiy, kamaytirish imkonsiz ekani e’tirof etilgan.
To‘g‘ri, ijobiy fikrlar ham bor. Toshkent Fitch tomonidan 2024-2028 yillar uchun moliyaviy holati “AA” (ijobiy) deb baholandi.
“Biz shaharning operatsion balansining 2024—2028 yillar davomida o‘rtacha 1,376 milliard so‘m bo‘lishini kutyapmiz, bu 2023-yilda 2,233 milliard so‘m bo‘lgan. Uning operatsion balansining asosiy manbai soliqdan tushadigan daromad bo‘lib, 2028-yilga kelib bu 12,182 milliard so‘mgacha oshishi kutilmoqda, bu esa mahalliy iqtisodiyotning kengayishi bilan bog‘liq. Biroq yuqori inflyatsiya davom etishi sababli operatsion xarajatlar (opex) oshishi kutilmoqda”, deyiladi xabarda.

Shahar 2024—2028 yillar davomida o‘rtacha 2,642 milliard so‘m miqdorida kapital xarajatlarini amalga oshirishi, infratuzilmani rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashda davom etishi kutilmoqda.
Toshkent shahri hokimiyati bayonotiga ko‘ra, ushbu reyting “poytaxtning xalqaro maydondagi mavqeyini sezilarli darajada mustahkamlaydi va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi”.
Izoh (0)