Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro investitsiya forumida O‘zbekiston hududlarining investitsion salohiyati yuzasidan viloyatning mazkur sohaga mas’ul rahbarlari chiqish qildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Toshkent shahar investitsiya, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Azizxon Shavkatovning ma’lum qilishicha, poytaxtda xizmat ko‘rsatish hamda turizm yo‘nalishiga katta e’tibor qaratilmoqda.
O‘tgan 2023-yilda Toshkent shahriga 4,5 million sayyoh kelgan. Bu raqamlarlar yildan yilga oshib bormoqda. Shu bois mehmonxonalarga talab ortmoqda. Shuni inobatga olib, birinchi navbatda turistik infratuzilmani yaratishimiz kerak. Bu bo‘yicha investorlardan takliflarni kutib qolamiz.
Shuningdek, Yangihayot tumanida juda ham katta “Yangihayot” maxsus industrial texnopark loyihasi ustida ish boshlab yubordik. Bu yerda biz barcha sanoat korxonalarini klaster yo‘nalishida joylashtirib, sanoat gapiga aylantiramiz. U yerda 100 gektar maydonda logistik markaz qurish ham ko‘zda tutilgan. Ya’ni bu ishlab chiqarilgan mahsulotlarni o‘sha yerning o‘zidan saralash, tarqatish imkonini beradi, — dedi Azizxon Shavkatov.
Jizzax viloyati investitsiya, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Aziz Ibrohimovning aytishicha, viloyatda nomadan tog‘ jinslaridan qurilishda ishlatiladigan plitalar ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati 30 mln dollarlik loyihani ishga tushirishga barcha zarur imkoniyatlar yetarli.
Jizzax viloyatida uchta yirik iqtisodiy sanoat zonasi mavjud. Jumladan, “Zomin Farm” iqtisodiy sanoat hududida qiymati 20 mln dollarlik bir martalik ishlatiladigan tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha imkoniyatimiz yetarli, — dedi Aziz Ibratimov.
Buxoro viloyati investitsiya, sanoat va savdo boshqarmasi sho‘ra mudiri Muhammadjon Rayhonovning ta’kidlashicha, viloyatda katta miqdorda noruda manbalari mavjud va bu qurilish materiallarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
Andijon viloyati vakili esa, viloyatda chiqindini qayta ishlash bo‘yicha yangi loyihalar zarurati borligini ta’kidladi.
Andijonda axlatni qayta ishlash umuman tashkil etilmagan. Bir yilda 2,7 mln tonna chiqindi yig‘iladi. Agar ushbu yo‘nalishga 30 mln dollar kiritilsa, 3-yilda o‘zini qoplashi mumkin.
Shuningdek, viloyatga bir yilda 55 tonna, ya’ni 155 mln dollarlik shokolad xarid qilinadi. Mazkur sohada ham loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralarga tayyormiz.
Kaolin xomashyosidan keramik idishlar va avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish bo‘yicha bizda katta ehtiyoj bor, — dedi Andijon viloyati vakili.
Ma’lumot uchun, so‘nggi olti yil ichida O‘zbekiston qariyb 50 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritildi. O‘tgan yili YIM va sanoat 6 foizga o‘sdi.
Izoh (0)