• Profilga Kirish
  • 1744009905_435.svg 1744009905_642.svg

  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
Ўзбекча
Русский
English
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
    • USD12557.56
    • RUB159.44
    • EUR14809.13
    • Google play
    • App Store
    • Telegram
    • Toshkentda
      +29°C
      • Andijon
      • Qarshi
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Farg‘ona
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Termiz
      • Namangan
      • Toshkent
      • Navoiy
      • Toshkent vil
      • Nukus
      • Urganch
    • Daryo
      • Internet-nashr
      • Tahririyat haqida
      • Aloqa ma'lumotlari
      • Foydalanish shartlari
      • Maxfiylik siyosati
      • Yangiliklar arxivi
    • Reklama
    • Ijtimoiy tarmoqlar
      • Instagram | Rasmiy
      • Instagram | Lifestyle
      • Instagram | Sport
      • Facebook | Rasmiy
      • OK | Rasmiy
      • YouTube | Daryo
      • YouTube | Daryo Rus tilida
      • YouTube | Daryo Global
    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte
    Daryo logo white
    • O‘zbekiston
      • Boshqalar
      • Navoiy
      • Toshkent viloyati
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Qashqadaryo
      • Surxondaryo
      • Xorazm
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Namangan
      • Farg‘ona
      • Andijon
      • Qoraqalpog‘iston
      • Toshkent sh.
      • Mehridaryo
      • Ob-havo
    • Markaziy Osiyo
      • O‘zbekiston (Mahalliy)
      • Afg'oniston
      • Qirg‘iziston
      • Qozog‘iston
      • Turkmaniston
      • Tojikiston
    • Dunyo
    • Pul
      • Biznes
      • Iqtisodiyot
      • Moliya
      • Kripto
    • Madaniyat
      • Kino
      • Kitob
      • Musiqa
      • Shou-biznes
    • Layfstayl
      • Ayollar sahifasi
        • Farzand
        • Go‘zallik
        • Karyera
        • Maslahatlar
        • Moda
        • Retseptlar
      • Texnologiyalar
        • Arxitektura
        • Gadjetlar
        • Ilm-fan
        • Koinot
        • Media
      • Avto
      • Qo‘ziqorin
      • Sayohat
      • Salomatlik
      • Ta’lim
        • Abituriyent
        • Ingliz tilini o’rganamiz
    • Sport
      • Futbol
      • UFC
      • Boks
    infinix
    Daryo.uz - Login
    Daryo.uz Daryo.uz
    Daryo.uz - Login
    Dunyo

    Isroil AQSHga hujum qilgan kun: o‘nlab amerikaliklarni o‘ldirish bu anglashilmovchilik edimi yoki fitna?

    1967-yil, 8-iyun. Tarixga Olti kunlik urush nomi bilan kirgan voqealar ayni qizg‘in nuqtasiga yetdi. Qo‘shma Shtatlar mojaroni kuzatish uchun Misr qirg‘oqlari yaqiniga o‘zining josus kemasini yubordi. Ikkinchi jahon urushi yillarida ittifoqchilarga yuk tashigan, 1963-yili maxsus texnologiyalar bilan jihozlanib, harbiy dengiz kuchlari ixtiyoriga topshirilgan USS Liberty xalqaro suvlarda suzib borardi. Uning bortida dengizchilardan tashqari, AQSH Milliy xavfsizlik agentligining shifrlash va maxfiy kodlar bilan ishlovchi xodimlari ham bor edi. Mazkur kemada xizmat qilgan tadqiqotchi ofitserlardan biri Lloyd Painter uni quyidagicha eslaydi:

    “U o‘z davrining eng ilg‘or razvedka kemasi edi, yuqori va past balandlikdagi barcha signallarni tuta olardi. Bizda qabul qilingan signallarni tushunish uchun tarjimonlar ham bo‘lgan”.

    “Biz josuslar edik”, deya taʼkidlaydi kemada aloqa tizimlari mutaxassisi bo‘lib ishlagan Jim Kavanagh. U, shuningdek USS Liberty elchixonalar, harbiy bazalar va politsiya stansiyalaridan chiqqan signallarni tutish bilan shug‘ullanganini aytadi. Biroq kema jang olib borish uchun yaroqli emasdi. Uning palubasida qaroqchilarga qarshi 4 dona 12,7 mm kalibrli pulemyotdan bo‘lak hech qanday qurol bo‘lmagan.

    Ayni shu omil kema isroilliklar tomonidan o‘qqa tutilgan kuni ancha pand berdi. O‘shanda USS Liberty Misr qirg‘oqlaridan taxminan 45-50 km uzoqlikda edi. Isroilning razvedkachi samolyotlari 8-iyun erta tongida paydo bo‘ldi. Ular kema yaqinidan bir necha bor uchib o‘tib, kuzatuv ishlarini olib bordi. Biroq keyinchalik uchuvchilar kema kimga tegishli ekanini aniqlab bo‘lmagani haqida aytgan. Holbuki, uning old qismida GTR-5 indeksatsiya belgisi tushirilgan, yuqorisida esa Qo‘shma Shtatlarning ulkan bayrog‘i hilpirab turgandi. Shunga qaramay, soat 14:00 ga kelib, USS Liberty samolyotlardan o‘qqa tutila boshladi.

    USS Liberty
    USS Liberty
    Foto: Intercept

    Isroil prizmasi

    Nomaʼlum kema to‘g‘risidagi ilk xabar Isroil Markaziy qirg‘oq qo‘mondonligiga 05:45 da kelib tushdi. Havo razvedkasi G‘azo sohilidan taxminan 110 km g‘arbda esminetsga o‘xshash kema suzib borayotgani haqida ko‘rsatma berdi. Shtabdagilar uni hali tasniflanmagan obyekt sifatida qizil rang bilan qayd etishdi. Biroq shundan so‘ng amalga oshirilgan jami 7 ta razvedka parvozlariga natijasiga qarab, kema statusi bir necha bor o‘zgartirildi. Jumladan, xaritaga neytral kema o‘laroq yashil rang bilan ham belgilandi.

    Bu vaqtga kelib Isroil quruqlik kuchlari Sinay yarimorolini butunlay egallab bo‘lgan edi. Armiya yaqinda bosib olingan Arish shahri dengizdan o‘qqa tutilgani haqida xabar berdi. Flot hodisani tekshirish uchun Ashdod-Ashkelon yo‘nalishida patrullik qilayotgan 3 ta torpeda katerlarini yubordi. Hududga yaqinlashgan bo‘linma shaharning shimoli g‘arbiy qismida kema aniqlangani, u soatiga 30 tugundan tezroq suzib borayotgani haqida axborot berdi. Qo‘mondonlik tomonidan eʼlon qilingan direktivaga binoan, tezligi 20 tugundan oshadigan kemalar o‘z o‘zidan dushman deb eʼlon qilinishi mumkin edi.

    Hodisadan omon qolgan kema ekipaji isroilliklar daʼvolarini rad etib, kema 5 tugun (9,3 km/soat) tezlikda suzganini aytgan. Biroq Isroil harbiylari o‘z hisob-kitoblariga asoslanib, u Arish shahrini bombardimon qilib qaytayotgan Misr esminetsi degan xulosaga kelishdi. Shunga qaramay, torpeda katerlari zudlik bilan hujum boshlamadi. Boisi orada bosib o‘tilishi kerak bo‘lgan o‘nlab kilometr masofa bor edi. Shu bois havo ko‘magi chaqirildi. 

    Sinay yarimorolida patrullik qilayotgan Mirage III samolyotlari shtab ko‘rsatmasi bilan o‘z yo‘nalishini USS Liberty tomon burdi. Ular kemaga zirh teshuvchi o‘q-dorilar, raketalar bilan zarba berdi. Zenit qurollari yo‘qligi bois ekipaj o‘zini himoyalay olmadi. Atigi 4 dona pulemyot esa reaktiv samolyotlarga qarshi mutlaqo samarasiz edi.

    Isroilning Mirage III samolyoti
    Isroilning Mirage III samolyoti
    Foto: Qayta ishlangan surat

    Taxminan 10 daqiqa davom etgan bombardimondan so‘ng Mirage III samolyotlari o‘q-dorilarini sarflab, ortga chekindi. Ekipajda jasadlar va yaradorlarni evakuatsiya qilish uchun biroz vaqt topildi. Biroq ularni oldinda yanada dahshatliroq voqealar kutib turgandi. Dassault Mystere samolyotlari hujumning ikkinchi to‘lqiniga qo‘shildi. Ular quruqlik nishonlariga qarshi qo‘llashga mo‘ljallangan napalm bombalari bilan zarba berdi. Yonuvchi xarakterga ega kimyoviy moddalardan iborat mazkur qurol harorati 800-1200 darajaga yetishi mumkin. Bu kemaning aloqa va kommunikatsiya vositalariga jiddiy zarar yetkazib, yaradorlarni evakuatsiya qilishni qiyinlashtirdi.

    Shu bois ekipajning yordam chaqirishga bo‘lgan urinishlari samarasiz ketdi. Boisi isroilliklar, kommunikatsiya tizimlariga zarba berish orqali kemaning tashqi dunyo bilan aloqasini uzib qo‘ygan, qolaversa ular foydalanishi mumkin bo‘lgan chastotalar bloklangan edi. O‘sha kungi voqealarning guvohi Jim Kavanagh Isroil kuchlari buni qasddan qilganiga ishonadi.

    “Biz signal yubora olmadik. Endi sizga savol beray. Biz foydalanadigan chastotani ittifoqchimizdan boshqa kim bilishi mumkin? Bizning urushdagi ittifoqchimiz kim edi? Har holda Misr emas”, degan u.

    Sovet harbiy kemalaridan tutib olingan signallarni kuzatish bilan shug‘ullangan rus tili mutaxassisi Bryus Lokvud ham hamkasbining fikrini dastaklaydi.

    “Ular bizning taktik aloqa chastotalarimizni ham, favqulodda signal chastotalarimizni ham blokirovka qilishdi. Birinchisi tushunarli. Ammo ikkinchisiga taʼsir o‘tkazish xalqaro huquqqa ko‘ra jinoyat hisoblanadi”, degan u.

    Havo hujumlarining har ikki to‘lqini kema uchun vayronkor oqibatlarga olib keldi. Biroq javob zarbasining yo‘qligi isroilliklarni taajjubga soldi. Eskadrila komandiri pastlab uchib, kemada lotincha identifikatsiya belgisini ko‘rdi. Misr esa arab harflaridan foydalanar edi. Shundan so‘ng samolyotlarga zudlik bilan ortga chekinish buyrug‘i berildi. Tirik qolganlarni qidirish uchun voqea joyiga A321 Super Frelon vertolyoti yuborildi.

    USS Liberty napalm yonuvchi bombalari zarbasidan so‘ng
    Foto: Tarmoqdan

    O‘t ochishni to‘xtatish buyrug‘i nafaqat samolyotlar, balki torpeda katerlariga ham taalluqli edi. Biroq bo‘linma komandiri bunday ko‘rsatma olmaganini aytib, USS Liberty tomon suzishda davom etdi. Otryad tarkibidagi T-204 sonli kater kemadan 6 000 metr masofada to‘xtab, o‘zini tanishtirish uchun so‘rov yuborgan. Biroq uskunalar zarar ko‘rgani bois amerikaliklar qo‘lda ishlatiladigan Aldis lampasi bilan javob qaytargan. Kema ekipaji bilan aloqa bog‘lay olmagach, isroilliklar jangovar shay holatga o‘tgan, lekin hujum boshlamagan.

    Biroq kutilmaganda USS Liberty tomondan o‘q ovozlari eshitildi. Isroilliklar kema ularga 12,7 mm kalibrli pulemyotdan o‘t ochganiga ishonsa-da, boshqa manbalar detonatsiya sabab anglashilmovchilik yuz bergan deb hisoblaydi.

    Shunday qilib, katerlar AQSH kemasiga 5 ta torpeda bilan zarba berdi. Ulardan bittasi nishonga tegib, kemada 12 metr o‘lchamdagi ulkan teshik hosil qildi. Natijada 25 nafar dengizchi halok bo‘ldi. Biroq hujumlar shuning o‘zi bilan yakunlanmadi. Katerlar USS Libertyga yaqin kelib, to‘plar va pulemyotlardan o‘t ocha boshladi. Guvohlarning ko‘rsatmasicha, isroilliklar urush qonunlariga zid yurib, evakuatsiya qayiqlarini ham o‘qqa tutgan.

    USS Libertyga hujumda ishtirok etgan torpeda katerlari
    USS Libertyga hujumda ishtirok etgan torpeda katerlari
    Foto: Arxiv

    Bu orada ekipaj aʼzolari, o‘qlar yomg‘iriga qaramay, kommunikatsiya vositalarini taʼmirlab, yordam signali yuborgan. Voqea joyidan 500 dengiz mili (926 kilometr) uzoqlikda suzayotgan AQSH floti bundan xabar topib, yordamga oshiqdi. Qo‘shma Shtatlarning F-4 Phantom qiruvchilari USS Saratoga aviatashuvchisi bortidan havoga ko‘tarildi. Biroq Pentagonning o‘sha vaqtdagi rahbari Robert Maknamara ularni shubhali tarzda ortga qaytarib olgan.

    USS Liberty yordam signalini yuborgan bir vaqtda hujumlar ham to‘xtagan. Isroil rasmiylari bunga sabab o‘laroq kema yaqin masofadan identifikatsiya qilingach, xato anglab yetilganini iddao qilgan. Biroq kemada bo‘lganlar bunga ishonmaydi. Ularning fikricha, agar ekipaj flot bilan bog‘lana olmaganda, isroilliklar o‘t ochida davom etardi.

    Torpeda natijasida kemaga yetgan zarar
    Torpeda natijasida kemaga yetgan zarar
    Foto: USS Liberty memoriali

    Torpeda zarbasidan 35 daqiqa o‘tib, soat taxminan 15:10 da voqea joyida Isroilning bir juft qutqaruv vertolyoti yetib keldi. U ekipajning dengizga cho‘kkan aʼzolarini qidirib, birozdan so‘ng ortga qaytdi.

    Isroil rasmiylari USS Libertyga hujum ortida o‘zlari turganini tan olib, voqeani Qo‘shma Shtatlarning Tel-Avivdagi elchixonasiga maʼlum qildi. Keyinroq taxminan 16:40 da torpedali katerlar qaytib kelib, amerikaliklarga yordam taklif qildi. Tabiiyki, ekipaj bu yordamni rad etdi. 

    Isroil zarbalarida ko‘rilgan zararga qaramay kema suv yuzasida qolib, Malta tomon yo‘nalish olgan. Avvaliga u SSSRning Kidlin sinfidagi raketa esminetsiga duch keldi. Sovet dengizchilari amerikalik hamkasblariga yordam taklif qilgan. Biroq ekipaj buni rad etgan. Boisi kema razvedka maʼlumotlari va uskunalari bilan to‘la edi.

    USS Liberty Torpeda zarbasidan so‘ng 
    Foto: Muck Rock

    O‘sha vaqtda kemada 34 nafar dengizchining jasadi va 171 yarador bor edi. Ularning bariga atigi bitta shifokor xizmat ko‘rsatgan. Biroq voqeaning ertasi kuni Qo‘shma Shtatlarning USS Davis, USS Massey esminetslari va USS Little Rock kreyseri kemaga yetib kelib, ko‘mak ko‘rsatdi. Kemaning o‘zi esa iyul oyiga qadar Maltada taʼmirdan o‘tkazildi. Oradan bir yil o‘tib, xizmatdan chiqarildi. 1973-yili esa eritish uchun sotib yuborildi.

    Isroil atayin qilganmi?

    USS Liberty atrofida jumboqli savollar hanuz ko‘p. Isroilliklar bu anglashilmovchilik bo‘lganini aytib, omon qolganlar va voqea qurbonlariga 6 million AQSH dollaridan ko‘proq tovon to‘lagan. Bugungi kun qiymatida kompensatsiya mablag‘lari 60 million dollardan oshadi. Qolaversa, Isroil bosh vaziri Levi Eshkol va tashqi ishlar vaziri Abba Eban ham rasman uzr so‘ragan.

    Ammo voqeadan omon qolganlarni bu qanoatlantirmaydi. Ular USS Liberty qasddan nishonga olinganini, bunga javobgarlar ustidan esa ochiq tergov o‘tkazilishini talab qilishgan. Biroq natija yo‘q. Kemaga torpeda bilan zarba berib, 25 nafar amerikalikni o‘ldirgan isroillik harbiylar esa “jangovar xizmatlari uchun mukofotlangan.

    Voqea Vashington va Tel-Avivda diplomatik inqiroz keltirib chiqardi. Hokimiyat doiralari vaziyatdan chiqish uchun turli yechimlar taklif etgan. Axborot erkinligi to‘g‘risidagi qonun doirasida ochiqlangan maʼlumotlarga ko‘ra, ular orasida USS Libertyni cho‘ktirish va shu orqali dalillarni yo‘q qilish rejasi ham bor edi. Biroq AQSH Milliy xavfsizlik agentligi bunga keskin qarshi chiqqan. Lekin rasmiylar bo‘lib o‘tgan voqealarni jamoatchilikdan yashirishga astoydil uringan. Qurbonlar va ularning oila aʼzolariga bosib o‘tkazib, sukut saqlashga majburlash shular jumlasidan.

    USS Liberty AQSH tarixidagi “eng isroilparast prezident” laqabini olgan prezident Lindon Jonson uchun ham jiddiy muammo bo‘ldi. Biroq kutilmaganda voqea haqida Newsweek jurnaliga xabar bergan uning o‘zi bo‘lib chiqdi. Oq uyda “o‘z odami” o‘tirganiga ishonchi komil bo‘lgan yahudiy lobbisi buni salbiy qabul qildi. Ular AQSH prezidentiga antisemitizm yorlig‘ini yopishtirish bilan tahdid qilishdi. Bu Jonson uchun siyosiy donorlardan ayrilish, yaʼni kelgusi prezidentlik poygasidan umid uzishni anglatardi.

    Isroil bosh vaziri Levi Eshkol (chap) AQSH prezidenti Lindon Jonson (o‘ng) bilan Oq uyda
    Foto: Wikimedia Commons

    Qolaversa, Oq uy rahbarining ishlari usiz ham yurishmay turgan edi. Yahudiy lobbisi uning nozik joyini topib, USS Liberty keysini yopdi-yopdi qilish evaziga ikki narsa taklif etdi. Birinchidan, AQSHda istiqomat qiluvchi yahudiy hamjamiyatining Vyetnamdagi qonli urushga nisbatan noroziligi pasaytirildi. Bu orqali Vashington kuchli ichki bosimdan xalos bo‘ldi. Bundan tashqari, Isroil Qo‘shma Shtatlarga arab davlatlari bilan urushda qo‘lga kiritilgan SSSR havo mudofaa tizimlarini yashirincha beradigan bo‘ldi. Ular Vyetnam kommunistlari AQSH samolyotlariga qiron keltirish uchun foydalanayotgan tizimlarning ayni o‘zi bo‘lgani bois, “sovg‘alar” amerikaliklarni mamnun qildi.

    Qo‘shma Shtatlarning BMTdagi vakili Artur Goldberg Tel-Avivni ogohlantirib, AQSH razvedkasida Isroil harbiylari kema kimga tegishli ekanini oldindan bilganini isbotlovchi audio yozuvlar borligini aytdi. Biroq keyinchalik bu mavzu ham parda ortiga o‘tib, sirli tarzda g‘oyib bo‘ldi. USS Libertyning Maltadan Qo‘shma Shtatlarga qaytishidan oldin kapital taʼmirlangani, bu orqali tergovda kerak bo‘ladigan dalillarning yo‘q qilingani ham shubhalarni uyg‘otadi.

    Ekipaj yurtiga qaytgach, qisqa muddatli mahkama o‘tkazildi. Biroq ishtirokchilar sud jarayonlari kuchli bosim ostida kechgani, ular bergan ko‘rsatmalar noaniq tarzda yozib olinganidan shikoyat qilgan. Yakunda esa hodisa go‘yo anglashilmovchilik sifatida malakalanib, isroillik harbiylarga nisbatan javobgarlik eʼlon qilinmagan.

    Shon-sharaf ordeni kema kapitaniga Mudofaa departamenti tomonidan imi-jimida topshirilgan. Qoidaga binoan, Qo‘shma Shtatlarning eng oliy eʼtirofi bilan shaxsan prezident taqdirlashi edi. Biroq gap USS Libertyga kelganda, istisno qilindi. Boisi Lindon Jonson topshirgan medal voqeani AQSH kun tartibiga olib chiqqan, matbuotda shov-shuvni ancha ko‘paytirgan bo‘lar edi.

    USS Liberty: Israel's attack on America during the Six Day War - Unpacked

    Isroil kuchlari 34 nafar amerikalikni o‘ldirib, yana 171 kishini jarohatlaganiga qaramay, o‘sha yilning o‘zida Qo‘shma Shtatlarning yahudiy davlatiga harbiy yordami 4 barobar oshdi. Qolaversa, prezident Jonson Isroil bilan razvedka maʼlumotlarini almashish bo‘yicha maxfiy kelishuv imzoladi.

    Voqeadan omon qolganlar USS Liberty faxriylari assotsiatsiyasini tuzib, aybdorlar javobgarlikka tortilishi uchun hanuzga qadar kurashmoqda. Ular Isroil AQSH kemasiga qasddan hujum qilganiga, bu orqali Qo‘shma Shtatlarni ham Misr bilan urushga tortish yoxud o‘zlarining urush jinoyatlarini yashirish maqsadi bo‘lgan deb hisoblashadi. Virjiniya shtatining Arlington okrugidagi yodgorlik esa o‘sha kunlarni eslatib turibdi. Bu yerda har yilning 8-iyun sanasida xotira tadbirlari o‘tkaziladi.

    USS Liberty qurbonlarini xotirlash marosimi
    Foto: Military.com

    USS Liberty ekipaji missiya oldidan himoya uchun esminets so‘rab murojaat qilgani, biroq har ikki safar ham ularning so‘rovlari qanoatlantirilmagani ham shubhaga soladi. Hujumdan omon qolganlardan biri bo‘lib o‘tgan voqealarni eslab, “Xudo meni ‘Xudoning tanlangan odamlari’dan saqladi”, degan edi.

    2 iyul, 19:45   Izoh (0)   18820
    Facebook Twitter LinkedIn Telegram Email
    #AQSH#Isroil#USS Liberty
    Humoyun Tojiddinov

    Izoh (0)

    Kirish
    Javob qoldiring Bekor qilish

    ×Lightbox Image
     

    Tavsiya etamiz

    “Erishib bo‘lmaydigan ball belgilangani yo‘q” — “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori

    4 iyul, 22:11

    “AQSH o‘yindan chiqmoqchi”. Ukraina Qo‘shma Shtatlar yordamisiz qayergacha bora oladi?

    4 iyul, 19:55

    Isroil AQSHga hujum qilgan kun: o‘nlab amerikaliklarni o‘ldirish bu anglashilmovchilik edimi yoki fitna?

    2 iyul, 19:45

    NATO tarixi – dunyodagi eng qudratli harbiy tashkilotning obro‘si pasaymoqdami?

    26 iyun, 20:31
     
     
     

    So‘nggi yangiliklarga o‘tish

    Linkoln imzolagan qullikni bekor qilish hujjati 12 mln dollarga sotildi

    Dunyo | 4 iyul, 23:50

    Xitoyda 300 ming yillik sirli yog‘och qurollar topildi

    Dunyo | 4 iyul, 23:30

    Surxondaryoda 65 sotix yerni 1,1 mlrd so‘mga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

    O‘zbekiston | 4 iyul, 23:15

    “Daryo” dayjesti: 4-iyulning eng muhim xabarlari

    O‘zbekiston | 4 iyul, 23:00

    Amerikaliklarning qariyb 40 foizi Maskning yangi partiya tuzish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi

    Dunyo | 4 iyul, 22:40

    Maosh kuniga 75 yevro: o‘zbekistonliklar Slovakiyaga ishga chaqirilmoqda

    O‘zbekiston | 4 iyul, 22:25

    “Erishib bo‘lmaydigan ball belgilangani yo‘q” — “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori

    O‘zbekiston | 4 iyul, 22:11

    Superliga. “So‘g‘diyona” Jizzaxda “Qo‘qon-1912”ni mag‘lub etdi

    Sport | 4 iyul, 22:09

    AQSHda 400 yilga nohaq hukm qilingan shaxsga qariyb 2 mln dollar tovon to‘landi

    Dunyo | 4 iyul, 21:50
    Daryo About Us

    “Daryo” internet-nashrining (O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (O‘zMAA, hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) tomonidan 13.03.2015 yil sanasida 0944-sonli guvohnoma bilan ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan. Matnli materiallarni to‘liq ko‘chirish yoki qisman iqtibos keltirishga, shuningdek, fotografik, grafik, audio va/yoki videomateriallaridan foydalanishga “daryo.uz” saytiga giperhavola mavjud bo‘lgan va/yoki “Daryo” internet-nashrining muallifligini ko‘rsatuvchi yozuv ilova qilingan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Chop etiladigan ba’zi ma’lumotlar 18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga mo‘ljallanmagan bo‘lishi mumkin. Info@daryo.uz

    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte

    © «Simple Networking Solutions» MChJ, 2013–2025

    Yosh bo‘yicha cheklov

    Xato topdingizmi? Ctrl+Enter’ni bosing

    • Foydalanish shartlari
    • Maxfiylik siyosati
    • Reklama
    Nimani qidiramiz?

    Sign In or Register

    Xush kelibsiz!

    Tizimga kiring yoki Roʻyxatdan oʻting.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Roʻyxatdan oʻting

    Roʻyxatdan oʻtganmisiz? Login.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Sizga parol elektron pochta orqali yuboriladi.

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Matnda xato topdingizmi?

    ×

    Rahmat. Biz sizning xabaringizni oldik va xatoni imkon qadar tezroq tuzatamiz.