Liberiya prezidenti Jozef Boakai o‘z maoshini 40 foizga qisqartirish to‘g‘risida buyruq berdi. Bu haqda prezident idorasi tarqatgan xabarga asoslanib, BBC nashri maʼlum qildi.
Manbada aytilishicha, prezident Josef idorasi “masʼuliyatli boshqaruv” uchun namuna yaratish tadbirlari doirasida hukumat, xususan, prezident maoshini ham tartibga solishni boshlagan. Ushbu tadbir vositasida xalq bilan birdamlikka erishish maqsad qilingan.
Liberiyada so‘nggi paytlarda yashash narxlari oshishi va yuqori inflatsiya oqibatida aholi noroziligi kuchaygan. Hukumat ishchilar maoshlarini qattiq nazorat ostida ushlab, ularni oshirish borasidagi talablarni rad etib kelmoqda.
Prezident Jozef Boakaiga ko‘ra, uning davlat tomonidan tayinlangan maoshi 13 400 dollarni tashkil etadi. 40 foizga qisqarish ortidan esa prezident endilikda oyiga 8000 dollar atrofida pul oladi.
Mamlakatning oldingi prezidenti Jorj Vea ham vakolat davrida o‘z maoshining 25 foizidan voz kechgan edi. Prezident bu harakatni tejamkor byudjet shakllantirishga undash talabi bilan amalga oshirgani aytiladi.
Amaldagi prezident Josef Boakaining o‘z maoshini qisqartirish qarori mamlakat aholisining ko‘pchiligi tomonidan iliq kutib olingan bo‘lsa-da, bir guruh fuqarolar bunga shubha bildirishgan. Bu tadbir shunchaki aholi noroziligi oldini olish uchun o‘ylab topilgan “kichik qurbonlik” ekani aytilgan.
Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, Liberiya prezidenti devonining yillik byudjeti 3 million dollarni tashkil etadi. Prezident oilasi uchun ajratiladigan alohida mablag‘ miqdori esa oshkor qilinmaydi. Bundan tashqari prezident oilasi katta miqdordagi tibbiy sug‘urta imtiyozlariga ham ega.
- Maʼlumot o‘rnida, Liberiya G‘arbiy Afrikadagi eng kam daromadli mamlakatlardan biri hisoblanadi.
- Mamlakatda har besh fuqarodan biri kuniga 2 dollardan kam daromad hisobiga yashaydi.
- Mamlakat rahbariyatida esa korrupsiya va davlat mulkini o‘marish darajasi nihoyatda yuqori ekanligi aytiladi.
Izoh (0)