Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi etib Muhammad Mudassir Tipu tayinlandi. Bu haqda tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov xabar berdi.
Vazir yangi elchidan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildi. Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, Strategik hamkorlik kengashi doirasidagi mexanizmlarni faollashtirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish hamda hududlararo aloqalarni rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Baxtiyor Saidov Muhammad Mudassir Tipuga O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatida muvaffaqiyat tilab, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish yo‘lida yaqin va samarali sheriklik qilishga tayyorligini bildirdi.
Ma’lumot uchun, bunga qadar Pokistonning mamlakatdagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimida Ahmad Faruq faoliyat yuritib kelgan. 2023-yilda bo‘lsa Sayyid Ali Asad G’iloniy Pokistonning O‘zbekistondagi elchisi sifatida faoliyatini yakunlagandi.








