Shveysariya Konfederatsiyasining O‘zbekistondagi yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Simon Giger O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatini boshladi. Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov undan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildi.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasidagi siyosiy muloqotni yanada faollashtirish masalalari muhokama qilingan.
Tomonlar, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratgan.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston tomoni Simon Gigerga diplomatik faoliyatida muvaffaqiyat tilagan.
Baxtiyor Saidov O‘zbekiston–Shveysariya munosabatlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan elchining sa’y-harakatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
29-iyun kuni O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatini yakunlayotgan Shveysariyaning Favqulodda va muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy bilan xayrlashuv uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi.
Tashqi ishlar vaziri elchiga O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirib, uning kelgusi faoliyatida muvaffaqiyat tilagan.








