Namangan, Samarqand va Navoiydagi tibbiyot muassasalarida fuqarolardan 200 mln so‘mdan ortiq asossiz mablag‘ olingani aniqlanib, qaytarilishi belgilandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mita tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan pulli tibbiy xizmatlar narxlarining shakllantirilishi bo‘yicha tegishli qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilganda Namangan viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan 2026-yilning fevral, mart va aprel oylarida UZI apparati orqali ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha jami 416 nafar iste’molchidan navbatdagi qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilmagan holda 34,3 mln so‘m mablag‘ asossiz olingani aniqlangan.
Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tuman sog‘liqni saqlash bo‘limida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida muassasa tomonidan 2024–2025-yillar davomida belgilangan tartiblarga rioya etmagan holda narxlarni oshirib belgilash natijasida bemorlarga ko‘rsatilgan pulli tibbiy xizmatlar bo‘yicha 55,7 mln so‘mga yaqin ortiqcha mablag‘ olingani ma’lum bo‘lgan.
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Navoiy viloyat filialida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida muassasa tomonidan 2023–2025-yillar davomida belgilangan talablarga rioya etmagan holda narxlarni oshirib belgilash natijasida bemorlarga ko‘rsatilgan pulli tibbiy xizmatlarda 35 mln so‘mga yaqin ortiqcha mablag‘ olingani aniqlangan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Namangan, Samarqand va Navoiy viloyati hududiy boshqarmalari Maxsus komissiyalari tomonidan qonunbuzilish holatlari yuzasidan mazkur uchta tibbiyot muassasalariga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi.
Raqobat qo‘mitasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Xaridlar markazining boshlang‘ich narxi 14 mlrd bo‘lgan tender savdosida qonunbuzilish holatining oldi olinganini ham ma’lum qilgandi.








