Daryo

O‘zbekistonda uch kunga sel xavfi e’lon qilindi

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolardan 30-sentyabr—2-oktyabr kunlari ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish so‘raldi.

1 daqiqa o‘qish31 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: “Daryo” / Farrux Aliyev

“O‘zgidromet” 30-sentyabr—2-oktyabr kunlari yomg‘ir yog‘ishi kutilayotgani sababli respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqini xavfi borligidan ogohlantirdi.

Quyidagi hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin:

  • Qashqadaryo viloyati: Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi, Gʻuzor tumanlarida;

  • Surxondaryo viloyati: Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Muzrobot tumanlarida;

  • Samarqand viloyati: Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy, Ishtixon tumanlarida;

  • Navoiy viloyati: Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex, Karmana tumanlarida;

  • Jizzax viloyati: Zomin, Baxmal, Gʻallaorol, Sharof Rashidov, Forish, Yangiobod tumanlarida;

  • Toshkent viloyati: Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq tumanlarida va Angren, Olmaliq shaharlarida;

  • Namangan viloyati: Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;

  • Farg‘ona viloyati: So‘x, Shohimardon, Farg‘ona, Beshariq tumanlarida;

  • Andijon viloyati: Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida va Xonabod shahrida.

“Tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlarini so‘raymiz”, deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, Respublika hududi bo‘yicha yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli bor, bu esa hududlarni suv bosishiga olib kelishi mumkin.

“O‘zgidromet” bu hafta havo harorati yana pasayib, ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi kutilayotganini avvalroq ma’lum qilgandi. Oktyabr oyi uchun ob-havo prognozini ham e’lon qilgandi. Oktyabr oyida o‘rtacha harorat foni iqlimiy me’yor atrofida, ayrim hududlarda esa undan yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Yog‘ingarchilik hududlar bo‘yicha notekis taqsimlanadi. Shimoliy hududlarda uning miqdori me’yordan kam, markaziy va janubi-sharqiy hududlarda esa me’yor atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar