Daryo

O‘zbekiston va Gonkong 30 kungacha vizasiz rejimni joriy etmoqchi

Bu borada hukumatlararo bitimni tuzish niyati boʻyicha verbal notalar almashildi. Mazkur qadam fuqarolar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratib, oʻzaro almashinuvlarni faollashtirishga xizmat qiladi.

1 daqiqa o‘qish6 057 ko‘rishlar0 izoh1

O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida oʻzaro vizasiz rejimni oʻrnatish rejalashtirilmoqda. Bu haqda tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ma’lum qildi.

3-iyun kuni vazir Toshkentda Gonkong maxsus ma’muriy hududi administratsiyasi rahbari Jon Li Kachchiu bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida investitsiyalar, moliya, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, transport va logistika sohalaridagi istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilingan.

Gonkongning xalqaro moliya va biznes markazi sifatidagi tajribasi hamda salohiyati Oʻzbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va ilgʻor loyihalarni roʻyobga chiqarishda muhim oʻrin tutishini taʼkidlandi.

Foto: Telegram / Baxtiyor Saidov

Shuningdek, hududlararo sheriklikni rivojlantirish, ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi bevosita muloqotlarni kengaytirish va qoʻshma tashabbuslarni ilgari surish masalalari yuzasidan fikr almashilgan.

“Gonkong rahbarining yurtimizga tashrifi Oʻzbekiston–Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda mamlakatimiz bilan Gonkong oʻrtasidagi aloqalarni yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qilishini qayd etdik”, dedi Baxtiyor Saidov.

Uchrashuv davomida oʻzaro vizasiz rejimni oʻrnatish toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimni tuzish niyati boʻyicha verbal notalar almashilgan. TIV rahabarining qayd etishicha, mazkur qadam fuqarolar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratib, oʻzaro almashinuvlarni faollashtirishga xizmat qiladi.

Jon Li Kachchiu Facebook’dagi sahifasida aniqlik kiritishicha, vizasiz rejimni 30 kungacha bo‘lgan muddatga joriy etish rejalashtirilmoqda. Uning ta’kidlashicha, tomonlar erishilgan kelishuvlarni imkon qadar tezroq amalga oshirish uchun sa’y-harakatlarni davom ettiradi.

Shuningdek, Gonkong ma’muriyati rahbari qisqa muddatli safarlar uchun vizalarning bekor qilinishi turizm, ta’lim va biznes aloqalarining rivojlanishiga xizmat qilishiga, shuningdek uzoq muddatli iqtisodiy va savdo hamkorligi uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirdi.

Hozirda Gonkong maxsus ma’muriy hududi pasporti egalari O‘zbekistonga 10 kungacha vizasiz kira oladi. O‘zbekistonning diplomatik va xizmat pasporti egalari Gonkongga 14 kungacha vizasiz tashrif buyurishi mumkin, oddiy pasport egalari esa Gonkongga borish uchun viza olishi shart.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar