Daryo

Yaqin Sharqdagi urushning 3-kuni: Isroil Livanga ham hujum qildi, Eron Saudiyadagi yirik neft zavodiga zarba berdi

Mintaqadagi keskinlik ortidan diplomatik munosabatlar uzilmoqda, neft narxi keskin oshdi, O‘zbekiston esa fuqarolarni xavfsiz evakuatsiya qilish choralarini kuchaytirdi.

3 daqiqa o‘qish20 086 ko‘rishlar0 izoh15

Eronga qarshi Amerika–Isroil operatsiyasi boshlanganiga 3 kundan oshdi. 2-mart kuni Isroil Livan hududiga zarba berdi, Eron esa Saudiya Arabistonidagi Aramco neft zavodini dron bilan nishonga oldi. Mintaqadagi keskinlik ortidan diplomatik munosabatlar uzilmoqda, neft narxi keskin oshdi, O‘zbekiston esa fuqarolarni xavfsiz evakuatsiya qilish choralarini kuchaytirdi.

Isroil Livan hududiga ham zarba berdi

2-mart kuni Isroil harbiylari Livan hududiga bir necha bor zarba berdi. Asharq Al-Awsat xabariga ko‘ra, hujumlar oqibatida kamida 31 kishi halok bo‘lgan, 149 kishi jarohatlangan.

Isroil tomoni zarbalar “Hizbulloh” guruhi tomonidan Isroilga qarata uchirilgan raketalarga javob ekanini ma’lum qildi. Guruh Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘ldirilgani uchun qasos olish maqsadida hujum qilganini bildirgan.

Isroil armiyasi “Arslon na’rasi” operatsiyasi doirasida Bayrut janubiy chekkasi va Livan janubidagi nishonlarga zarba berganini tasdiqladi hamda “Hizbulloh”ga og‘ir tovon to‘latilishini ma’lum qildi.

Eron Saudiya neft infratuzilmasini nishonga oldi

2-mart kuni Eron droni Saudiya Arabistonining Aramco kompaniyasiga tegishli Ras Tanura zavodiga zarba berdi. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, mazkur obyekt kuniga 550 ming barrel xom neftni qayta ishlash quvvatiga ega.

Zarbadan so‘ng zavod faoliyati to‘xtatilgan, yong‘in nazoratga olingan. Saudiya hukumati va Aramco hozircha rasmiy izoh bermadi.

Harbiy harakatlar boshlanganidan so‘ng neft bozori keskin reaksiya bildirdi. ICE Futures Europe birjasida Brent nefti narxi 13 foizdan ortiq oshib, bir barrel uchun 82,37 dollarga yetdi — bu 2024-yil iyulidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir.

BAA elchixonasini yopdi

Birlashgan Arab Amirliklari Eron tomonidan berilgan zarbalar ortidan Tehrondagi elchixonasini yopishini va diplomatik xodimlarini chaqirib olishini e’lon qildi. BAA TIV bayonotida Eronning raketa hujumlari milliy suverenitet va xalqaro huquqni buzishi sifatida baholangan.

Shu bilan birga, Reuters xabariga ko‘ra, 2-mart tongida Kuvaytda AQSH harbiy-havo kuchlariga tegishli bir nechta samolyot halokatga uchragan. Ekipaj a’zolari omon qolgan, holat yuzasidan AQSH tomoni izoh bermadi.

Xomanaiyga uyushtirilgan hujum tafsilotlari

CNN manbalariga ko‘ra, Isroil va AQSH razvedkasi bir necha oy davomida Oyatulloh Ali Xomanaiyni kuzatgan. 28-fevral kuni Tehrondagi maxsus majmuaga yuqori aniqlikdagi zarbalar berilgan.

Foto: CNN

Isroil armiyasi rahbariyati operatsiyani “Arslon na’rasi” deb atagan. Oradan bir necha soat o‘tib, AQSH prezidenti Donald Tramp Xomanaiy vafot etganini e’lon qilgan.

Netanyaxu ofisiga zarba berilgani aytildi

Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ma’lumotiga ko‘ra, tongda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning ofisiga zarba berilgan, uning taqdiri bir muddat noma’lumligicha qolgan.

Biroq Netanyaxu o‘zining o‘ldirilgani haqidagi xabarlardan keyin omma oldida ko‘rinish berdi. U chiqishida: “Men eronliklar Yevropani nishonga olishini aytgandim. Shunday ham bo‘ldi”, dedi. Isroil bosh vaziri bu bilan Eronning Kiprga bergan zarbasini nazarda tutganini ma’lum qildi.

Netanyaxuning ta’kidlashicha, u va AQSH prezidenti Donald Tramp “dunyoni qutqarmoqda”.

O‘zbekiston fuqarolari uchun tavsiyalar

Vaziyat keskinlashgani ortidan O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi vatandoshlarni xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi hamda vaziyat barqarorlashgunga qadar mamlakatni tark etishni tavsiya etdi. “Begin” (Isroil–Misr) chegara punkti orqali chiqish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.

Qoraqalpog‘istonda Yaqin Sharqdagi vatandoshlar uchun 24/7 ishlovchi shtab tashkil etildi. Fuqarolar (61) 222-27-27 telefoni va @nukusshtab Telegram manzili orqali murojaat qilishi mumkin.

Evakuatsiya va repatriatsiya

Prezident Shavkat Mirziyoyev Fors ko‘rfazi davlatlarida bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarish bo‘yicha bosh vazir Abdulla Aripovga topshiriq berdi.

Uzbekistan Airways 2-martdan boshlab Jidda—Toshkent yo‘nalishida repatriatsiya reyslarini yo‘lga qo‘ymoqda. Umra ziyoratchilarini Saudiya Arabistoniga olib borish esa vaqtincha to‘xtatilgan.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

TIV ma’lumotiga ko‘ra, Erondan Turkmaniston orqali qaytayotgan fuqarolar “Sarahs” chegara punktida kutib olinmoqda va ularga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar