Daryo

Trampning odamlari BAAni Erondagi orolni bosib olishga undamoqda — OAV

Amirliklar aprel oyida mazkur orolga yashirincha hujum qilgan. Urush fonida BAAning AQSH va Isroil bilan aloqalari kuchayib, Saudiya bilan munosabatlari keskinlashdi.

2 daqiqa o‘qish5 044 ko‘rishlar0 izoh1

AQSH prezidenti ma’muriyati BAAni Eronga qarashli orollardan birini egallab olishga undamoqda. Bu haqda Donald Tramp xavfsizlik xizmatining sobiq yuqori martabali mulozimiga tayanib The Telegraph xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Tramp atrofidagi ayrim shaxslar BAAga Lavan orolini egallashni taklif qilgan. Bu tashabbus Amirliklarning aprel oyi boshida mazkur orolga bergan zarbalaridan so‘ng ilgari surilgan.

“Borib, uni qo‘lga kiriting. U yerda AQSH o‘rniga, BAAning quruqlikdagi qo‘shinlari bo‘ladi”, degan sobiq mulozim.

Ushbu ma’lumot BAAning 11 haftalik mojaroga tobora chuqurroq jalb etilayotgani va Isroil bilan aloqalari kuchayib borayotgani fonida yangradi. Fevral oyi oxirida Isroil va Amerika Eronga havo zarbalari bera boshlagach, Islom Respublikasi bunga javoban ushbu davlatlarning ittifoqchisi bo‘lgan Fors ko‘rfazi mamlakatlarini nishonga oldi. Urush davomida BAAga 2800 dan ortiq raketa va dronlar uchirildi.

Mintaqadagi yangi geosiyosiy bo‘linish

BAA urush fonida Amerika va Isroil bilan munosabatlarini ikki baravar kuchaytirdi. Biroq bu holat uning qo‘shni davlatlar, jumladan, Saudiya Arabistoni bilan munosabatlari keskinlashishiga olib keldi. Urush saudiyaliklar va amirliklarni yaqinlashtirish o‘rniga, ular o‘rtasidagi tafovutni yanada chuqurlashtirdi. May oyi boshida BAA Saudiya Arabistoni yetakchilik qiladigan yirik neft ishlab chiqaruvchilar guruhi — OPEK’ni tark etishga qaror qildi.

“Bu jarayon qanchalik uzoq davom etsa, ularning dunyodagi va Fors ko‘rfazidagi o‘rni — kim do‘st-u, kim dushman ekanligi haqida o‘ylashiga shunchalik ko‘p vaqti bo‘ladi”, dedi AQSHning BAAdagi sobiq elchisi Barbara Lif The New York Times gazetasiga bergan intervyusida.

Yashirin zarbalar va harbiy ittifoq

Xabarlarga ko‘ra, BAA prezidenti urush boshlanishida Saudiya Arabistoni va Qatardan Eronga qarshi birgalikda javob zarbalari berishni so‘ragan, biroq ular bu taklifni rad etgan. Aprel oyi boshida esa BAA Eronning bir qancha nishonlariga, jumladan, Lavanga mustaqil ravishda zarba bergan (Abu Dabi buni rasman tasdiqlamagan). Saudiya Arabistoni ham mart oyi oxirida Eronga qarshi ko‘plab havo hujumlarini amalga oshirgan.

Shuningdek, Isroil Eron bombardimonlariga qarshi kurashish uchun BAAga “Temir gumbaz” havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib bergan. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa mart oyida BAAga maxfiy tashrif buyurgan va prezident Shayx Muhammad bin Zoid bilan uchrashgan (Abu Dabi esa bunday tashrifni rad etgan).

Mazkur ma’lumotlardan so‘ng Eron BAAni “ushbu tajovuzning faol hamkori” deb atadi. Shuningdek, “Isroil bilan til biriktirganlar javobgarlikka tortilishi”dan ogohlantirdi. Ba’zi Fors ko‘rfazi davlatlari o‘zlari xohlamagan qimmat urushni boshlagani uchun Amerikaga g‘azab bildirgan bo‘lsa-da, BAA bu davlat bilan aloqalarni mustahkamlagani aytilmoqda.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar