Daryo

“Sabrimiz cheksiz emas”: Saudiya Arabistoni Eronni ogohlantirdi

Shahzoda Faysal hujumlarga javoban Fors ko‘rfazi davlatlari yetarli salohiyatga egaligini aytdi. U Eronni o‘z taktikasini o‘zgartirishga chaqirib, aks holda chora ko‘rilishidan ogohlantirdi.

1 daqiqa o‘qish5 617 ko‘rishlar0 izoh2

Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saud Eronning hujumlariga javob qaytarmaslik uchun sabr cheksiz emasligidan ogohlantirdi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Vazir Tehronni darhol o‘z strategiyasini “qayta ko‘rib chiqishga” chaqirdi. U hujumga uchrayotgan Saudiya Arabistoni va Fors ko‘rfazi davlatlari “juda muhim salohiyat va imkoniyatlarga” ega ekanini ta’kidladi. Faysal bin Farxon Ol Saud Eronning inkor etishiga qaramay, mintaqadagi hujumlar oldindan puxta rejalashtirilganini aytdi.

“Nishonlarning aniqlik darajasini qo‘shnilarimizda ham, qirollikda ham ko‘rishingiz mumkin. Bu oldindan o‘ylangan, rejalashtirilgan va puxta o‘ylanganidan dalolat beradi”, dedi shahzoda Faysal.

U Saudiya qachon javob zarbasi berishi mumkinligi haqida aniq muddat aytishdan bosh tortdi.

“Bu borada signal berish to‘g‘ri emas. Ko‘rsatilayotgan sabr-toqat cheksiz emas. Ularda bir kun, ikki kun, bir hafta vaqtga egami? Buni aytmoqchi emasman. Umid qilamanki, ular buning ma’nosini tushunadi, tezda qayta hisob-kitob qilib, qo‘shnilariga hujum qilishni to‘xtatadi. Lekin ular bunday donolikka egaligiga shubham bor”, dedi u.

Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri urush bir kun tugasa-da, Tehronning qo‘shnilarni nishonga olish taktikasi sabab u bilan munosabatlarni tiklash ancha vaqt olishini ta’kidladi.

“Biz aniq bilamizki, Eron bu strategiyani so‘nggi o‘n yil davomida shakllantirgan. Bu vaziyatga moslashib qolgan qaror emas, balki oldindan rejalashtirilgan harbiy yondashuv: qo‘shnilarini nishonga olish va bundan foydalanib, xalqaro hamjamiyatga bosim o‘tkazishga urinish”, dedi u.

Shuningdek, shahzoda Faysal bin Farhon Ol Saud agar Eron hujumni to‘xtatmasa aloqalarni tiklash uchun hech narsa qolmasligini ta’kidladi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar