Eron droni 2-mart kuni Saudiya Arabistonining Aramco neft kompaniyasi zavodiga zarba berdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Hujumga uchragan Ras Tanura shahri dunyodagi eng yirik neft eksport markazlaridan biri hisoblanadi. Dron hujumidan so‘ng zavod faoliyatini to‘xtatgan. Mazkur obyekt kuniga 550 ming barrel xom neftni qayta ishlash quvvatiga ega.
Manbalarning aytishicha, hududda yuzaga kelgan yong‘in nazoratga olingan. Hozirda yetkazilgan zarar ko‘lami baholanmoqda.
Aramco matbuot xizmati va Saudiya Arabistoni hukumati holat yuzasidan munosabat bildirmadi. AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari boshlanganidan keyin neft narxi keskin oshdi.
Londonning ICE Futures Europe (neft fyucherslari savdosi bo‘yicha eng yirik Yevropa platformasi) birjasidagi savdo ma’lumotlariga ko‘ra, Brent neftining may oyidagi shartnomalari narxi 13,04 foizga oshgan.
1-mart kuni kechqurun bir barrelning narxi 82,37 dollarga chiqib, 2024-yil iyulidan beri eng yuqori darajaga yetdi. Dastlabki sakrashdan so‘ng narxlar yana biroz pasaydi, ammo o‘sish ko‘rsatkichlari, taxminan, 9 foiz darajasida qoldi.
Eron 28-fevral kuni o‘z hududiga berilgan zarbalardan so‘ng Hormuz bo‘g‘ozi orqali savdoni to‘xtatishini e’lon qildi. Mazkur bo‘g‘oz orqali dunyo neft ta’minotining qariyb 20 foizi va suyultirilgan gaz yetkazib berishning 30 foizigacha qismi o‘tadi. Tehron qarori ortidan kamida 150 ta neft tankeri bo‘g‘oz yaqinida to‘planib qoldi.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, ushbu strategik yo‘lak orqali kemalar harakati to‘liq to‘xtatilsa, kuniga 10 million barrelgacha neft taqchilligi yuzaga kelishi mumkin. Bu esa global iste’molning, taxminan, 10 foiziga tengdir.








