Eron Amerikaning Yaqin Sharqdagi harbiy obyektlariga rasman tan olinganidan ko‘ra kattaroq zarar yetkazgan. Ularni tiklash uchun milliardlab dollar talab etiladi. Bu haqda NBC News telekanali o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, 28-fevral kuni AQSH va Isroil harbiy amaliyotni boshlaganidan so‘ng, Tehron bunga zudlik bilan javob qaytarib, mintaqadagi Qo‘shma Shtatlarga qarashli o‘nlab nishonlarga, jumladan, aviatsiya angarlari, omborxonalar, uchish-qo‘nish yo‘laklari, sun’iy yo‘ldosh aloqa infratuzilmasi, radiolokatsiya tizimlari va samolyotlarga zarbalar bergan. Natijada Amerika harbiy bazalari “jiddiy shikastlangan”, yetkazilgan zarar esa “ommaga e’lon qilinganidan ancha kattaroq” bo‘lib chiqqan.
NBC News ma’lumotlariga ko‘ra, Amerika ma’muriyati xususiy sun’iy yo‘ldosh kompaniyalaridan o‘z bazalarining suratlariga kirishni yopishni so‘ragan, bu esa zarar miqdorini baholashni qiyinlashtirmoqda.
Qayd etilishicha, Pentagonning Yaqin Sharqdagi harbiy obyektlarning real holati haqida ma’lumot berishni istamayotgani, jumladan, Respublikachilar partiyasidan bo‘lgan bir qator qonunchilarning ham noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
“Biz bir necha haftadan buyon bu borada savollar berib kelyapmiz, biroq Pentagon rekord darajadagi byudjet so‘rayotganiga qaramay, batafsil ma’lumot ololmayapmiz”, dedi AQSH Kongressi a’zolaridan birining yordamchisi.
Avvalroq AQSH Eronga qarshi urushda kuniga qariyb 1 mlrd dollar sarflayotgani xabar qilingandi.
28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga qarshi harbiy amaliyot boshlab, bir qator shaharlarga havo zarbalari yo‘llagan edi. O‘sha kuni yo‘llangan zarbalar oqibatida Eron oliy rahnamosi Ali Xomanaiy halok bo‘lgan. Bunga javoban Eron Isroil hududiga raketa zarbalari bergan va Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi Amerika harbiy bazalariga hujum qilgan.








