Qoʻshma Shtatlar va Isroilning Eronga hujumi 28-fevral kuni boshlandi. Oq uy bu rejim almashtirish bilan tugaydigan qisqa muddatli harbiy kampaniya boʻlishini kutgandi. Biroq yana bir haftadan soʻng mojaro boshlanganiga oy toʻladi. Bu ham yetmagandek, urush butun mintaqani ostin-ustun qilib yubordi. Quyida harbiy harakatlar natijasida qaysi davlatlar qancha qurbon berganini hisoblab chiqiladi.
Eron – halok boʻlganlar: 1444, jarohatlanganlar: 18551
Mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligiga koʻra, mojaro boshlanganidan buyon Qoʻshma Shtatlar va Isroilning havo hujumlari sabab 1444 kishi halok boʻlgan. Yana 18551 kishi esa turli darajada jarohatlangan. Qurbonlarning asosiy qismi poytaxt Tehronga toʻgʻri keladi.
Urush sabab halok boʻlganlar orasida bolalar ham oz emas. Jumladan, 28-fevral kuni Qoʻshma Shtatlar tomonidan uchirilgan Tomahawk qanotli raketasi Minab shahridagi maktabga kelib tushib, 168 nafar oʻquvchining umriga zomin boʻlgandi. Keyinroq BBC Verify xizmati ekspertlari voqea joyidan olingan videolarni tahlil qilib, hujumda AQSH harbiylarining qoʻli borligini tasdiqlagandi.
Isroil – halok boʻlganlar: 18, jarohatlanganlar: 3730
Eron Isroilga javob zarbasini hujumga uchraganidan atigi ikki soat oʻtib berdi. Oʻshandan buyon Tel Aviv hamda boshqa yirik shaharlarga yuzlab raketa va kamikadze dronlar uchirildi. Ularning katta qismi havo mudofaa tizimlari tomonidan tutib qolingan boʻlsa-da, bir qismi nishonga yetib borib qurbonlarga sabab boʻldi. Raketa va dron zarbalari sabab Isroilda kamida 18 kishi halok boʻldi. Shu bilan birga, 3700 ortiq kishi jarohatlangan.
Havo mudofaa komplekslari, erta ogohlantirish tizimlari hamda bombapanagohlar talafotlarning nisbatan kamroq boʻlishida muhim rol oʻynayapti. Biroq bunday boshpanalarga kiritilmaganini aytgan xorijliklar hamda Gʻarbiy Sohil aholisi bilan vaziyat murakkabroq. Raketa qoldiqlari qulashi natijasida halok boʻlgan toʻrt nafar falastinlik ayol koʻplab holatlardan biridir.
AQSH askarlari – halok boʻlganlar: 13, jarohatlanganlar: 200
Eron tomonidan berilgan javob zarbalari hamda yoʻl qoʻyilgan xatolar natijasida Pentagon kamida 13 nafar harbiy xizmatchisidan ayrildi. Ulardan dastlabki oltitasi Eron droni qoʻmondonlik markaziga kelib tushishi oqibatida halok boʻldi. Voqea 1-mart kuni Kuvaytda yuz bergan boʻlib, qurbonlarning eng kattasi 54 yoshda, kichigi esa 20 yoshda edi. Saudiya Arabistonidagi bazada xizmat qilgan 26 yoshli serjant Benjamin N. Pennington esa Qoʻshma Shtatlar bergan yettinchi qurbon boʻldi.
Oradan 11 kun oʻtib AQSH yana olti nafar harbiy xizmatchini yoʻqotdi. Ular Iroq osmonidan qulagan KC-135 yonilgʻi quyish tankerida boʻlgan. Biroq samolyot boshqa bir tanker bilan toʻqnashib, oʻz ichidagi olti kishi bilan halokatga uchragan. Ikkinchi samolyot esa Isroilga favqulodda qoʻnishga muvaffaq boʻlgan.

Bahrayn – halok boʻlganlar: 2, jarohatlanganlar: oʻnlab
Mojaro boshlangandan soʻng Bahrayn ham mintaqaning AQSH bazalariga joy ajratgan boshqa davlatlari qatori hujumga uchradi. Eron, ayniqsa, AQSH harbiy-dengiz kuchlarining 5-flot shtabi joylashgan Juffair hududini nishonga olgan.
Bahrayn Ichki ishlar vazirligining maʼlum qilishicha, tutib qolingan raketa parchasi 2-mart kuni Salman sanoat shahrida taʼmirlanayotgan kemaga tushib, bir nafar osiyolik muhojirning hayotiga nuqta qoʻygan. Bundan tashqari, 10-mart kuni poytaxt Manamadagi turar joy binosiga zarba berilishi natijasida 29 yoshli ayol halok boʻldi, yana sakkiz kishi jarohatlandi.
Iroq – halok boʻlganlar: 61, jarohatlanganlar: oʻnlab
Mamlakat ham AQSH harbiy kontingenti, ham Eron qoʻllovidagi qurolli guruhlar faoliyat yuritadigan mamlakat sifatida mojaroda muhim rol egalladi. Eronliklar hamda ularga tarafdor boʻlgan qurolli toʻdalar AQSH elchixonasi hamda harbiy obyektlarni nishonga olgan boʻlsa, amerikaliklar mamlakat hududidan jangovar missiyalar va logistika maqsadlarida foydalandi.
Iroq sogʻliqni saqlash idoralariga koʻra, mojaro boshidan buyon kamida 61 kishi halok boʻlgan. Ularning aksariyati Eron qoʻllovidagi Xalq safarbarlik kuchlari aʼzolaridir. Biroq qurbonlar orasida NATO harbiy xizmatchilari ham bor. Iroq Kurdistonining Erbil shahriga hujum natijasida fransuz armiyasining yuqori martabali harbiy xizmatchisi halok boʻldi.
Joriy yilning 2-mart kuni Kuvayt osmonida Qoʻshma Shtatlarning uchta F-15 Strike Eagle qiruvchi samolyotlari urib tushirildi. Keyinroq ularga kuvaytlik uchuvchi zarba bergani maʼlum boʻldi. Rasmiy versiyaga koʻra, u AQSH samolyotlarini Shahed dronlari bilan adashtirgan. Urib tushirilgan samolyotlar bortida boʻlgan olti nafar uchuvchining barchasi katapulta mexanizmi sabab tirik qolgan.
Mojaro sabab Kuvaytning oʻz fuqarolari ham qurbon boʻlgan. Jumladan, 2-mart kuni mamlakat harbiy-dengiz kuchlarining ikki nafar harbiy xizmatchisi halok boʻlgan. Bundan tashqari, ikki nafar chegarachi hamda oʻt oʻchirish xizmatining yana ikki xodimi ham oʻz vazifasini bajarish vaqti vafot etgan.
Ummon – halok boʻlganlar: 3, jarohatlanganlar: 15
Eron raketa va dronlari Ummon sultonligini ham nishonga oldi. Jumladan, 1-mart kuni Duqm portiga ikkita uchuvchisiz uchish qurilmasi bilan zarba berildi. Ummon davlat axborot agentligiga koʻra, hujum oqibatida bir nafar xorijlik ishchi jarohatlangan. Keyinroq Ummon Dengiz xavfsizligi markazi Palau bayrogʻi ostida suzayotgan neft tankeri hujumga uchraganini maʼlum qildi. Bu esa yana toʻrt kishining jarohatlanishiga sabab boʻlgan. Boshqa bir tankerga zarba esa bir nafar dengizchini hayotdan olib ketgan.
13-mart kuni Eron harbiylari Ummon sultonligining Sohar shahriga dronlar bilan hujum qildi. Uchuvchisiz uchish qurilmalaridan biri Al Avaxi sanoat zonasiga tushgan. Bu esa ikki nafar muhojirning oʻlimiga va 10 kishining jarohatlanishiga sabab boʻlgan.
Qatar – halok boʻlganlar: 0, jarohatlanganlar: 16
Qoʻshma Shtatlarning eng yirik xorijiy bazasi Doha shahri yaqinida joylashgan. Biroq Eron nafaqat mazkur obyektni, balki Qatarning neft-gaz infratuzilmasini ham nishonga oldi. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi xabariga koʻra, 16 kishi jarohatlangan. Ularning aksariyati tutib olingan raketa va dronlar parchalari qulashi oqibatida yuzaga kelgan.
Saudiya Arabistoni – halok boʻlganlar: 2, jarohatlanganlar: 16
Eron tomonidan uchirilgan raketa yoki dron qirollikning Al-Kharj hududida snaryad turar joy hududiga tushishi natijasida ikki kishi halok boʻldi. Bundan tashqari, yana 16 kishi jarohatlandi.
BAA – halok boʻlganlar: 8, jarohatlanganlar: 158
Birlashgan Arab Amirliklari mojaroning ilk kunlaridan raketa va dron hujumlariga uchradi. Oqibatda sakkiz kishi qurbon boʻldi. Ularning olti nafari Pokiston, Nepal va Bangladesh kabi davlatlardan kelgan mehnat muhojirlari edi. Bundan tashqari, yana 158 kishi turli darajada jarohatlangan. Shu bilan birga, Eron dronlarini tutib olish uchun havoga koʻtarilgan vertolyot texnik nosozlik sabab halokatga uchrab, ikki nafar harbiy xizmatchining hayotiga zomin boʻldi.
Iordaniya – halok boʻlganlar: 0, jarohatlanganlar: 28
Iordaniyada Eron zarbalari hamda tutib olingan raketalarning qoldiqlari sabab 28 kishi jarohatlandi. Mamlakatda oʻlim holatlari qayd etilmagan.
Mojaro boshlangandan soʻng eng qattiq talafot koʻrgan ikkinchi davlat Livan hisoblanadi. Isroil mamlakatga qarshi keng koʻlamli havo hujumlarini boshlaganidan buyon halok boʻlgan livanliklar soni ming nafardan oshdi. Ular orasida kamida 118 nafar bola ham bor. Jarohatlanganlar soni esa qariyb 2600 nafarni tashkil etadi.








