“Tolibon” burqa kiymagan ayollarga davlat muassasalariga kirishga ruxsat bermaslikka qaror qildi. Bu haqda manbalarga tayanib, Hasht-e Subh Daily xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi bir necha kun ichida ayollarning davlat idoralariga kirishi cheklangan. Bu taqiq Aholini ro‘yxatga olish idorasi, Ta’lim vazirligi va Qamoqxonalar bosh boshqarmasida kuzatilgan. Hirot viloyatida esa “Tolibon” kamida 50 nafar ayolning viloyat ta’lim boshqarmasiga kirishini to‘xtatgan.
Qaror hozircha Afg‘onistonning bir necha viloyatlarida amalda joriy etilgan. Manbalarga ko‘ra, “Tolibon” bu orqali ayollarni burqa kiyishga undashni maqsad qilgan.
BMTning Afg‘onistondagi yordam missiyasi (UNAMA) o‘zining so‘nggi hisobotida Kunar, Qandahor va Xost viloyatlarida burqasiz ayollar shifoxonalarda davolanishdan mahrum etilganini qayd etgan. “Tolibon” shifokorlarga hijobsiz ayol bemorlarni qabul qilmaslik haqida ogohlantirish bergan.
Bundan tashqari, ayollarning shifoxona va sog‘liqni saqlash markazlariga kirishiga cheklovlar qo‘yilgan. Afg‘onistonda qiz-ayollarning yuqori sinfda o‘qishi va universitetda tahsil olishi taqiqlangan. Akusherlik va hamshiralikka o‘qiyotgan ayollarga darslarga kelmaslik buyurilgan. Shu tariqa ular ta’limni tugatish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan.
Afg‘onistonda ayollarga nisbatan joriy qilingan ayrim taqiqlar quyidagilar:
- afg‘onistonlik ayollarning BMT idoralarida ishlashi;
- erkaklarga ayollar uchun kiyim tikish;
- ayollarning erkak shifokorlarga borishi;
- ayollarning shifoxonaga yolg‘iz borishi;
- ayollarning istirohat bog‘iga tashrif buyurishi;
- oilalar va ayollarning bog‘lari yoki yashil hududlari bo‘lgan restoranlarga kirishi;
- ayollar ovozi eshitilgan reklamalarni efirga uzatish;
- ayollarning sotuvchilari bilan savdolashishi taqiqlangan.








