“Tolibon” hukumati Afg‘oniston oliy ta’lim tizimida ayollar muallifligidagi kitoblarni darslik sifatida foydalanishni taqiqladi. Bunda inson huquqlari va jinsiy zo‘ravonlik haqida dars berishni man qilish ham ko‘zda tutilgan. Bu haqda BBC xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, jami 680 ta kitob shariat va “Tolibon” siyosatiga zid deb topilgan, ularning 140 tasi ayollar tomonidan yozilgan. Hatto “Kimyo laboratoriyasida xavfsizlik” kabi ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar ham bu ro‘yxatdan joy olgan.
Shuningdek, universitetlarga 18 ta fanni o‘qitish taqiqlangani bildirilmoqda. Man qilingan fanlarning 6 tasi aynan ayollar haqida: ular orasida “Gender va taraqqiyot”, “Ayollarning kommunikatsiyadagi roli” va “Ayollar sotsiologiyasi” kabilar bor.
Ta’limda bo‘shliq vujudga keldi
Kitoblarni ko‘rib chiqish bo‘yicha tuzilgan qo‘mita a’zosi ayollar yozgan barcha kitoblar darslik sifatida foydalanilmasligini tasdiqlagan. Adliya vazirining sobiq o‘rinbosari, taqiqlangan kitoblar mualliflaridan biri bo‘lgan Zakiya Adeli bu qarordan ajablanmaganini bildirgan.
“Tolibon so‘nggi 4 yil ichida qilgan ishlarini inobatga olsak, o‘quv dasturiga bunday o‘zgartirishlar kiritilishi ajablanarli emas. Ayollarning o‘zi o‘qishga qo‘yilmasa, ularning fikrlari, qarashlari va yozganlari ham inobatga olinmaydi”, dedi u.
BBCga ko‘ra, yangi tartiblar avgust oyi oxirida e’lon qilingan. Afg‘oniston Oliy ta’lim vazirligi akademik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Ziyourrahmon Aryobiy universitetlarga yuborgan maktubida bu qarorlar diniy ulamolar va mutaxassislar hay’ati tomonidan qabul qilinganini bildirgan.
Fors mualliflarining kitoblari ham nishonda
Taqiq faqat ayollar yozgan asarlargagina emas, balki eronlik mualliflar yoki Eron nashriyotlari chop etgan kitoblarga ham taalluqli. Qo‘mita a’zolaridan biri BBC’ga bu chorani “forscha g‘oyalarning Afg‘oniston o‘quv dasturiga kirib kelishining oldini olish” bilan izohlagan.
Universitetlarga yuborilgan 50 sahifalik ro‘yxatda jami 679 ta kitob bor, shulardan 310 tasi eronlik mualliflar yoki Eron nashrlariga tegishli. Bir universitet professori (ismini oshkor qilmaslik sharti bilan) bu taqiq oqibatida yuzaga keladigan bo‘shliqni to‘ldirish deyarli imkonsiz bo‘lishini aytmoqda.
“Eron mualliflari va tarjimonlarining kitoblari Afg‘oniston universitetlarini global ilmiy hamjamiyat bilan bog‘lovchi asosiy ko‘prik edi. Ularning yo‘q qilinishi oliy ta’limda katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi”, dedi u.
Kobul universiteti professori esa, bunday sharoitda darsliklarni o‘qituvchilarning o‘zlari tayyorlashga majbur bo‘layotganini bildirgan.
“Muammo shundaki, bu darsliklar jahon standardlariga mos holatda yoziladimi yo‘qmi — bu hozirgi eng dolzarb savol”, dedi u.
Shu hafta ichida “Tolibon” oliy rahbari farmoni bilan mamlakatning kamida 10 provinsiyasida optik tolali internet uzib qo‘yilgan. Bu harakat rasmiylar tomonidan axloqsizlikning oldini olish bilan izohlangan.








