“Tolibon” Afg‘onistonning Hirot viloyatida qizlar maktablari va diniy madrasalar yopilishidan ogohlantirib, yangi cheklovlar joriy etdi. Bu haqda mahalliy manbalarga tayanib, Amu TV xabar berdi.
Manbalarning 13-iyun kuni aytishicha, “Tolibon”ning axloq politsiyasi (Ezgulikni targ‘ib qilish va nuqsonlarning oldini olish vazirligi) bir nechta qizlar ta’lim muassasasi rahbarlarini ogohlantirgan. Agar o‘quvchi qizlar belgilangan kiyim talablariga rioya qilmasa, maktablar yopilishi mumkin.
Yangi kiyinish talablari qanday?
Manbalarga ko‘ra, yangi talablarga quyidagilar kiradi:
- chodra kiyish;
- yuzni butunlay yopish;
- paypoq kiyish.
“Tolibon” axloq politsiyasi voyaga yetgan deb hisoblanadigan katta yoshli qizlarni ham ogohlantirgan. Unga ko‘ra, qizlar ushbu kiyimlarsiz maktab yoki diniy darslarga kela olmaydi.
Hirotdagi bir nechta oilalar oxirgi kunlarda maktab rahbarlariga shunday ogohlantirishlar berilganini tasdiqladi. Ayrim ota-onalarning aytishicha, hatto kichik yoshdagi qizchalarga ham talab qilingan kiyimsiz darsga kelish taqiqlangan.
Hibslar va qo‘rquv
Ushbu choralar “Tolibon” Hirotda kiyinish qoidalarini buzganlikda ayblab, kamida 30 nafar ayolni hibsga olganidan bir necha kun o‘tib joriy qilindi. Ayollarning hibsga olinishi namoyishlarga va xalqaro hamjamiyatning keskin munosabatiga sabab bo‘lgan edi. O‘sha namoyishlarda “Tolibon” aholiga qarata o‘t ochdi, oqibatda ikki kishi halok bo‘lib, kamida 12 kishi jarohatlagani ma’lum qilindi.
Hirotlik ayrim qizlarning aytishicha, hibsga olinish qo‘rquvi sababli ular jamoat joylariga chiqmay qo‘ygan. Qizlar uylaridan faqat o‘ta zarur bo‘lgandagina tashqariga chiqmoqda.
“Chegara bilmas shifokorlar” xodimi ham qo‘lga olindi
Viloyatda ayollarga nisbatan cheklovlar tobora kuchaymoqda. 12-iyun kuni “Chegara bilmas shifokorlar” xalqaro tashkiloti o‘zining bir nafar ayol xodimi Hirotda ikki kun hibsda tutilganini ma’lum qildi.
Tashkilot ayol xodimning kasalxonaga ishga ketayotganda kiyinish qoidasini buzganlikda ayblanganini bildirdi. Xodim va uning oila a’zolari “Tolibon” talab qilgan kiyim siyosatiga rioya qilish haqida tilxat yozib berganidan keyingina qo‘yib yuborilgan.








