Daryo

“Tolibon” savodxonlikdan dars bergan 90 nafar ayol ustozni ishdan bo‘shatdi — manba

Ular Ta’lim boshqarmasi tarkibida ishlagan bo‘lib, asosan qishloq hududlarda kattalar uchun darslar olib borgan. O‘qituvchilar maoshi gumanitar tashkilotlar tomonidan to‘lab kelingan.

1 daqiqa o‘qish1 689 ko‘rishlar0 izoh0

Afg‘onistonning Nangarhor viloyatida kattalar uchun savodxonlikdan dars bergan 90 nafar ayol ishdan olindi. Bu haqda manbalarga tayanib, Amu.tv xabar berdi.

Ayollar Ta’lim boshqarmasi tarkibida ishlagan bo‘lib, asosan qishloq hududlarda kattalar uchun mashg‘ulotlar olib borgan. O‘qituvchilar maoshi jamoat ta’limi dasturlarini qo‘llab-quvvatlovchi gumanitar tashkilotlar tomonidan to‘lab kelingan.

Endilikda “Tolibon” bu savodxonlik darslarini butunlay yopib, barcha ayol o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatgan, deydi manbalar.

​

Bu qadam “Tolibon” 2021-yilda hokimiyatga qaytganidan beri ayollarning ishlashi va ta’lim olishiga qo‘ygan cheklovlar qatoridagi eng so‘nggi harakat bo‘ldi. “Tolibon” qizlarga o‘rta maktab va universitetlarda o‘qishni taqiqlagan hamda ayollarning ish faoliyatini sog‘liqni saqlash kabi bir nechta sohalar bilan cheklagan.

Xalqaro yordam tashkilotlari ayollarni ta’lim sohasidan chetlatish gumanitar va rivojlanish dasturlariga, ayniqsa, ayollar va qizlar uchun jamoat ta’limi va savodxonlikka qaratilgan loyihalarga jiddiy ta’sir ko‘rsatganini aytmoqda. “Tolibon” yuqoridagi holat yuzasidan rasmiy munosabat bermagan.

YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, afg‘on ayollarining 30 foizdan kamrog‘i savodli bo‘lib, bu dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biridir. BMT tashkiloti qizlar ta’limiga qo‘yilgan taqiqlar va ayol o‘qituvchilarga nisbatan cheklovlar Afg‘onistondagi savodxonlik hamda ta’lim sohasida erishilgan 20 yillik yutuqlarni yo‘qqa chiqarishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_moObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar