2025-yil 1-iyul kuni “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan “Anor” loyihasining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Loyiha doirasida xorijdan kelgan o‘zbek farzandlari 12 kun davomida Bo‘stonliq tumanidagi “Nihol” sog‘lomlashtirish oromgohida dam oldi. Ular uchun unutilmas kun — taqdirlash marosimi va bayram konserti tashkil etildi.

Bayram dasturida badiiy chiqishlar, milliy raqs va qo‘shiqlar namoyishi bo‘lib o‘tdi, ishtirokchilar ijrolari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, loyihada faol qatnashgan yoshlar taqdirlandi va ularning yutuqlari e’tirof etildi.


Loyihaning maqsadi O‘zbekiston tarixi va madaniyati bilan tanishtirish, milliy o‘zligini saqlash, shuningdek, turli davlatlarda yashayotgan vatandoshlar uchun muloqot maydonini yaratishdan iborat.
Men bu loyihada ishtirok etish uchun Qirg‘iziston davlatidan keldim. Bu yerda vatandoshlarim bilan tanishib, maroqli vaqt o‘tkazdim. 12 kun davomida turli yo‘nalishlarda to‘garaklar bo‘lib o‘tdi, ulardan ko‘p yangi bilimlar oldim. Bu mening O‘zbekistonga birinchi kelishim bo‘ldi va mamlakatimiz menga juda yoqdi. Ushbu tajriba menga katta taassurot qoldirdi, deydi Bullura To‘ychiyeva.

Loyihada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Qatar va boshqa davlatlardan kelgan vatandoshlarimiz qatnashdi. Bu 12 kunlik dastur davomida bolalar faqat hordiq chiqarish bilan cheklanib qolmay, o‘zbek tili, madaniyati, an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Ular turli ko‘ngilochar, ma’rifiy tadbirlar, she’rlar, viktorinalar va ekskursiyalarda ishtirok etdi.
Xorijdagi yosh vatandoshlar orasida talab juda yuqori bo‘lganligi sababli, davlatimiz rahbari farmoni bilan bu loyiha mustahkamlandi va 2025-yilda uchta mavsumda oromgoh o‘tkazishni rejalashtirdik. Har bir kun o‘ziga xos mavzu asosida tashkil etildi: iste’dod va ijod, sport, salomatlik, o‘lkashunoslik, turizm hamda milliy qadriyatlarga bag‘ishlangan kunlar bo‘lib o‘tdi. Har bir kun uchun soatbay qiziqarli va mazmunli dasturlar tuzilgan bo‘lib, bu oromgoh boshqa mavsumiy va odatiy oromgohlardan farq qiladi. Xorijdagi vatandoshlarimiz O‘zbekistondagi yoshlar bilan birga bu muhitda dam oldi. Biz esa ular uchun yangi muhit yaratishga, yangiliklar kashf etishga intildik. Buning uchun o‘z sohasining eng yaxshi mutaxassislarini taklif qildik. Har bir yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislarimiz bolalarning iste’dodlarini kashf etishda yordam berdi, deydi “Vatandoshlar” jamoat fondi yetakchi mutaxassisi Munisa Umurzakova.

Bu yil ushbu loyihaga qatnashish uchun to‘rt yuzdan ortiq vatandoshlar talabgor bo‘lgani bois Fond tomonidan maxsus tanlov uyushtirilib, 50 nafar yoshlar saralab olindi. Fond yoshlarni erishgan yutuqlari, ta’lim muassasasidagi baholariga qarab tanlab oldi. Ishtirokchilar orasida “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan joriy yilning may oyida tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro O‘zbek tili olimpiadasi g‘oliblari borligini ham alohida e’tirof etish o‘rinli.
Tadbirlar davomida xorijdagi yosh vatandoshlar o‘zbek tilini doimiy o‘rganib borishlari uchun “O‘zbekistonlikmiz” mobil ilovasi ishga tushirildi va uning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Bundan keyin xorijdagi yosh vatandoshlar o‘zbek tilini masofadan turib istalgan vaqt va joydan turib o‘rganishlari mumkin. Kelgusida o‘zbek tilini o‘rganishning A2, V1,V2 darajalarini ishlab chiqish ustida ishlar davom etmoqda.

“Anor” loyihasi bu oddiy oromgoh emas, balki O‘zbekiston va uning tashqarisida yashayotgan yosh yuraklarni bog‘lovchi ko‘prikdir. Har bir ishtirokchining qalbida unutilmas xotiralar, yangi do‘stlar va Vatanga bo‘lgan chuqur muhabbat qoldi.
Izoh (0)