Toshkent, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlari aniqlangani xabar qilindi.
Toshkent viloyatining Qibray tumanida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbari Parkentdagi chorvachilikka fermer xo‘jalik rahbari bilan til biriktiradi. Mazkur fermer xo‘jalikka tegishli 42,5 gektar yer maydonini xaridorga go‘yoki 51 gektar ekanini aytib, uni 580 ming AQSH dollariga sotishga kelishadi.
Ammo ular oldindan 550 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
DXX va IJQKD xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Nurafshon shahrida yashovchi (1968yilda tug‘ilgan) shaxs o‘zining turmush o‘rtog‘iga O‘rta Chirchiq tumani hududidan obodonlashtirish va bog‘ barpo etish uchun ajratib berilgan 3,64 gektar yer maydonining 2 gektarini (1971-yilda tug‘ilgan) tanishi bilan kelishgan holda, xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 560 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 60 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Farg‘ona viloyatida kuzatilgan holatda esa, Dang‘ara tumanida yashovchi (1985-yilda tug‘ilgan) muqaddam sudlangan fuqaro 2017-yilda tuman hokimligi tomonidan bog‘dorchilik yo‘nalishida foydalanish uchun o‘ziga ajratib berilgan 1,3 gektar yer maydonida issiqxona qurishga ruxsat olinganligi haqida yolg‘on gapirib, 410 ming AQSH dollari evaziga uni xaridor nomiga rasmiylashtirib berishini aytadi.
Ammo u so‘ralgan pul mablag‘idan 35 ming AQSHdollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Qo‘qon shahrida qayd etilgan holatda (1991-yilda tug‘ilgan) fuqaro tadbirkorning ishonchiga kirib, shahar hokimligi zaxirasida bo‘lgan 5 sotix yer maydonini go‘yoki o‘ziga tegishli ekanligi aytib, uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 50 ming AQSH dollari talab qiladi.
Lekin u so‘ralgan pul mablag‘idan avans sifatida 20 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning sherigi bo‘lgan (1956-yilda tug‘ilgan) shaxs hokimiyat tizimida ishlovchi tanishlari yordamida ushbu yer maydoni bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlatib berish evaziga 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon shahrida yashovchi, (1981-yilda tug‘ilgan) fuqaro shahar hududidagi “Bo‘ston” yoshlar kichik zonasida joylashgan 10 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 46 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 25 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)